Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onadagi “ot o‘yinlar”, o‘g‘irlangan bankir va poraxo‘r sudya - hafta dayjesti
Shahar o‘rtasida hech qanaqa hujjatsiz qurilgan zapravkaning portlashi: inson hayoti mashinadan ham arzonga baholandi. Poraxo‘r sudya boshqa bir poraxo‘rni oqlab bermoqchi bo‘ldi, to‘lov esa istalgan uslubda: naqdingiz bo‘lmasa, “klik” qilsa ham bo‘ladi. Hollivud kinolari hayotga ko‘chganda: o‘zbek bankiri Parijda o‘g‘irlab ketildi. O‘nlab jarimalari o‘chirilgan Malibu: qoidabuzar YHXB boshlig‘ining xotini bo‘lib chiqdi. Ortda qolgan hafta voqealari – Kun.uz dayjestida.
Farg‘onadagi portlash: sud hukmidan nimalar ma’lum bo‘ldi?
O‘zbekistonda hech qanaqa hujjatsiz, shaharning o‘rtasiga propan shoxobchasi qursa bo‘lar ekan. Bu noqonuniy shoxobcha ishga tushib, toki portlab ketmaguncha, uning noqonuniyligi bilan biror bir davlat idorasining ishi bo‘lmas ekan. Hatto bu shoxobchaga hech qanaqa hujjatsiz, ulgurji tarzda propan yetkazib beruvchilar ham topilar ekan. Eng achinarlisi, jinoyat natijasida yonib ketgan insonlar hayotining qiymati – avtomobilga yetgan zarar qiymatichalik emas, deb baholanishi mumkin ekan.
Ahvolimiz shu darajada ekanini bizga “Farg‘ona Layli Naxor” xususiy korxonasi isbotlab berdi. Afsuski, bu achchiq isbot uchun jamiyatimiz to‘rt insonning, jumladan uchta bolaning hayoti bilan tovon to‘ladi.
24 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasida joylashgan benzin va propan quyish shoxobchasida dekabr oyida ro‘y bergan portlashga oid jinoyat ishi doirasida sudlanuvchilarga hukm o‘qildi. Hukmdan ma’lum bo‘lishicha, shoxobcha rahbari Mansur Matkarimov muqaddam sodir etgan jinoyati uchun berilgan sinov muddatini o‘tab bo‘lmay turib, yangi jinoyatga qo‘l urgan. U o‘tgan yili avgust oyida o‘zi boshqarayotgan benzin shoxobchasi hududida hech qanaqa hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan propan quyish uskunalarini o‘rnatgan. Keyinroq, propan sotish uchun litsenziyasi bo‘lmasa ham, “GTL Gaz” MChJdan bir nechta partiyalarda o‘nlab tonna propanni og‘zaki kelishuv asosida sotib olib, avtomobillarga quya boshlagan.
Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Shoxobcha noqonuniy tarzda propan sota boshlaganidan bir necha hafta o‘tib, “ko‘za”ning sinadigan kuni kelgan. Navbatdagi partiyada olib kelingan 20 tonnalik propanni sinovdan o‘tkazilgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan konteynerga quyish vaqtida konteyner yorilib, suyultirilgan gaz atrofga tarqalib ketgan. Atrofni qoplab olgan oq rangli gaz shu yaqin atrofda joylashgan “Orzu” kafesigacha yetib borib, u yerdagi yong‘in manbayi bilan ta’sirlanishi natijasida katta portlash kelib chiqqan.
Natijada shoxobchaga yaqin joyga o‘z mashinasida kelgan bir ayol, uning 2 va 4 yoshli ikki o‘g‘li hamda 18 yoshli jiyani halok bo‘lgan. Yana 9 kishi kuyish jarohatini olgan. 4 ta ko‘p qavatli uy va 19 ta avtomobilga zarar yetgan. Fojiada qizi va uch nabirasidan ayrilgan Jamila Oripovaning Kun.uz'ga aytishicha, shoxobcha egasi Azizxo‘ja Mavlonov to‘rt nafar qurbonning har biri uchun 25 ming dollardan kompensatsiya berishini va’da qilgan, lekin hozirgacha faqat 5 ming dollar berilgan. Sud hukmida har bir jonga 310 mln so‘mdan ma’naviy zarar undirish belgilangani – ana shu aytilgan 25 ming dollarga mos keladi.
Bu o‘rinda, inson hayoti uchun to‘lanadigan tovon miqdori – voqeada zarar ko‘rgan ayrim mashinalarning baholangan qiymatidan ham kamligi e’tiborli. Xususan, BMW X3 avtomobiliga yetgan zarar 52 ming dollarga, Kia K8 avtomobiliga yetgan zarar 34 ming dollarga baholangan. Boshqacha aytganda, aybdorlar ularning aybi bilan yonib ketgan odamlardan ham ko‘ra, yonib ketgan mashinalar uchun ko‘proq tovon to‘laydi.
Mansur Matkarimov sudda bergan ko‘rsatmasida AYoQShni egasi Azizxo‘ja Mavlonovdan og‘zaki kelishuv asosida ijaraga olganini, shoxobchani propan ham sotishga moslashtirganidan Mavlonov bexabar bo‘lganini aytgan. Sud Matkarimovni 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Soxta hujjatlar tayyorlab bergan ikki shaxsdan biri 4 yil-u 3 oyga, ikkinchisi 3 yilga qamaldi. Qurilish-montaj ishlarini bajargan shaxsga esa 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bu ish bo‘yicha jamoatchilikda sud va tergov jarayonlari bilan bog‘liq ko‘plab savollar ochiq qoldi. Agar davlatning jamiyat oldidagi hisobdorligi yuqori mamlakatlarda bo‘lgani kabi matbuot anjumani o‘tkazilganida, ana shu savollar yangragan bo‘lardi. O‘zbekistonda esa reallik butkul boshqacha: matbuot anjumani o‘tkazish tugul, mas’ul tashkilotlar sud hukmi chiqqani haqida bir enlik rasmiy xabar berib qo‘yishga ham yaramadi.
O‘zbek millioneri Parijda o‘g‘irlab ketildi
O‘zbekistonda milliard dollarlik biznes egasining Parijda, xuddi kinolardagidek o‘g‘irlab ketilishi, keyinroq garov evaziga qo‘yib yuborilishi – haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Anorbankning asosiy aksioneri Qahramon Olimov 23 iyun kuni Parijda o‘g‘irlab ketilib, 10 mln dollar berishi uchun qiynoqqa solingan, biznesmen 200 ming dollar avans bergach, qo‘yib yuborilgan.
Tergov hujjatlari bilan tanishgan Le Monde'ning yozishicha, 48 yoshli bankir Fransiyaga 22 iyun kuni, fransuz hamkorlari bilan uchrashish va ko‘chmas mulk sotib olish maqsadida borgan. Shu kuni u o‘zi joylashgan mehmonxona barida o‘tirganida, o‘zini Anastasiya deb tanishtirgan badavlat kiyimdagi bir ayol kelib, tanishishni taklif qilgan. Turkiyada go‘zallik salonida ishlashini aytib, ingliz va rus tillarida gapirgan ayol, biznesmenni baliq restoranida tushlikka taklif etgan. Ular mehmonxonadan chiqib, bir necha qadam yurishgach, xiyobonda notanish shaxs ularni to‘xtatgan. Bu shaxs rus tilida, “chechencha aksent” bilan gapirgan va ikki sherigi bilan birga, Olimovning qo‘llarini qayirib, mikroavtobusda olib ketgan.
Mikroavtobus bir necha soat yurib, bankirni baland panjarali uyga olib borgan. Qahramon Olimov u yerda yirik bankdagi sobiq sherigi bo‘lmish B.R.ning ishonchli vakiliga duch kelgan. Olimov tergov paytida B.R.ni “qonundagi o‘g‘ri” va nufuzli jinoiy guruh a’zosi deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular o‘rtasidagi nizo – o‘sha yirik bankdagi ulushlar bilan bog‘liq: B.R. Qahramon Olimovni o‘zi vaqtincha Turkiyada quvg‘inda bo‘lgan paytidan foydalanib, o‘sha yirik bankdagi ulushini sotib olganlikda ayblab keladi.
O‘g‘rilar Qahramon Olimovni avval shu yerda, keyin Nitssaagi villa yerto‘lasida kaltaklashgan, hatto bo‘yniga tig‘ tortishni imitatsiya qilishgan. Oxir-oqibat bankir 5 mln dollarlik qarz haqida tilxat yozib berishga majbur bo‘lgan. U haydovchisi orqali Toshkentdagi vositachiga 200 ming dollar avans o‘tkazib bergach, qo‘yib yuborishgan.
Fransuz gazetasi bu voqeni “Parijning boy tumanlaridan birida yuz bergan haqiqiy o‘g‘irlash hodisasi” deb atadi. Nashrning yozishicha, “josuslik romanlariga xos bunday voqea”dan fransuz politsiyasi va prokuraturasi “hayratdan yoqa ushlab qolgan”. Jabrlanuvchining arizasidan keyin, politsiya turk millatiga mansub bir gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Qahramon Olimov darhol Toshkentga qaytib, o‘ziga qo‘riqchi yollagan. O‘g‘rilikning taxminiy tashkilotchisi esa unga Telegram orqali tahdid va talablar yuborishda davom etmoqda.
Poraxo‘rliklar “xit-paradi”
O‘zbekistonda odam o‘g‘irlashga buyurtma beradigan biznesmenlar bilan birga, porani plastik karta orqali oladigan dovyurak mulozimlar ham bor ekan. Payshanba kuni Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati Yangiariq tuman sudining tergov sudyasi qo‘lga olingani haqida xabar berdi. DXXning aniqlik kiritishicha, sudya Tuproqqal’a tumanidagi sudda ko‘rib chiqilayotgan poraxo‘rlik jinoyatida hamkasblari orqali sudlanuvchiga oqlov hukmi chiqartirib berish va’dasi bilan 15 ming dollar so‘ragan. Shundan 2 ming dollarini naqd shaklda, 24 mln so‘mni esa plastik karta orqali olgan. Lekin bergan va’dasining ustidan chiqa olmagan sudya, olgan pullarining bir qismini qaytarayotgan paytida, qo‘lga tushgan.
Tezkor tadbirda qo‘lga olingan yana bir mansabdor Ohangaron shahar hokimligida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydi. U fuqaroga hokimiyat balansiga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan 3 xonali xonadonni sud tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Amaldor buning uchun 18,5 ming dollar talab qilib, shundan 9,5 ming dollarini olganida ushlangan.
Poraxo‘rlik jinoyatlari bo‘yicha hafta “xit-paradi”ning uchinchi o‘rnini samarqandlik mansabdor egalladi. Texnik tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Samarqand viloyati bo‘limi bosh mutaxassisi 3 ming dollar so‘rab, shundan 2,5 ming dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida qo‘lga tushdi. U Paxtachi tumanidagi g‘isht zavodida aniqlangan kamchiliklarni bo‘rttirib, sifatsiz g‘isht ishlab chiqarilgani uchun 226 mln so‘mlik jarimani 25 mln so‘mga tushirib berish uchun pora so‘ragani aytilmoqda.
Yana Farg‘ona...
Hafta davomida mansab vakolatidan chetga chiqish bilan bog‘liq yana ikkita holat o‘z tasdig‘ini topdi, lekin ular bo‘yicha biror bir ish ochilganidan darak bo‘lgani yo‘q. Hafta boshida biz yuqorida keltirib o‘tganimiz propan portlashi tafsilotlari bilan butun O‘zbekiston e’tiborini tortgan Farg‘ona, hafta oxiriga kelib yana diqqat markaziga tushdi. Biz yana taajjub bilan “ekan” so‘zini ishlatishga majburmiz: O‘zbekistonda tanishi bor haydovchilar radar va kameralarga ham qaramasdan, xohlagancha yallo qilishi mumkin ekan. Qaysidir fuqaro buni bilib qolib, arz qilmaguncha, YPX xodimlari jarimalarni bekor qilib o‘tiraverar ekan.
Shanba kuni Farg‘ona viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati davlat raqami 40 081 SBA bo‘lgan Malibu'da sodir etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha 106 ta jarima asossiz bekor qilib kelingani haqida internetda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi. IIBga ko‘ra, bir muddat oldin bir fuqaroning arizasiga asosan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, boshqarmaning 5 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo tayinlangan. Jarimalar esa tiklangan va belgilangan tartibda undirilgan.
Kun.uz manbalariga ko‘ra, jarimalari asossiz ravishda o‘chirib kelingan Malibu avtomobili – viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Akmal Ahmedovning turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan. Ahmedovning matbuot kotibi bekor qilingan jarimalar soni 61 ta ekani, ular 2024-2025 yillarda sodir etilgan qoidabuzarliklarga taalluqli bo‘lganini aytdi.
Intizomiy jazo olgani aytilgan boshqa bir tashkilot xodimlarining ham faoliyati avtomobilga taalluqli. Kun.uz may oyida Piskentdagi avtopoligonda navbatsiz sertifikat olishning korrupsiyaviy yo‘llari bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi. UzTest'ning ma’lum qilishicha, 28 iyunga navbati olingan avtomobil uchun 20 may kuni sertifikat berilgani o‘z tasdig‘ini topgan. Buning uchun elektromagnit moslashuvchanlik laboratoriyasi mutaxassisi va ish yurituvchisiga intizomiy chora ko‘rilgan. Rasmiylarga ko‘ra, hozirda bu kabi korrupsiyaviy holatlarning oldini olish uchun elektron tizimga o‘zgarishlar kiritilgan va navbati kelmagan mashinaga sertifikat berish imkoniyati cheklab qo‘yilgan.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Ichki aviareyslar yo‘lovchilari endi aeroportga pasport ko‘tarib borishi shart emas. 1 iyuldan boshlab, aeroportlarda ichki reyslar uchun pasportning elektron shakli bilan ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ldi. Buning uchun telefonga MyGov ilovasini o‘rnatib, hujjatning raqamli shaklini ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Hukumat qaroriga asosan, bunday tartib vokzallarda ham joriy etilishi kerak. Umuman, 1 iyuldan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 20 ga yaqin hujjatlarning raqamli shaklini qabul qilish majburiy deb belgilandi. Lekin bu talab yo‘lda to‘xtatilgan haydovchilarga taalluqli emas. YPX xodimi to‘xtatganida, haydovchi bundan keyin ham hujjatlarning asl nusxasini taqdim etishi kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga davlat tashrifini amalga oshirdi. 3 kunlik tashrif Bokuning Moskva bilan mojarosi avj olgan pallaga to‘g‘ri kelib qoldi va siyosatshunoslar nazarida, garchi tasodif bo‘lsa-da, turkiy birlikni urg‘ulovchi yaxshi signal bo‘ldi. Tomonlar o‘tgan yili tuzilgan ittifoqchilik shartnomasini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi, qator hujjatlar imzolandi. 2030 yilga borib o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga chiqarishga kelishib olindi. Shavkat Mirziyoyev bu safar ham Ozarboyjon suvereniteti tiklangan Qorabog‘da mehmon bo‘ldi. Bokuda 8,5 gektarlik O‘zbekiston bog‘i qurilishi boshlandi, O‘zbekiston elchixonasining yangi binosi ochildi. Ikki davlat futzal bo‘yicha jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilishni rejalashtirmoqda.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda halok bo‘ldi. Abdurasul Abduvaliyev 102 raqamiga tushgan murojaat asosida, oila a’zolarini o‘ldirish bilan tahdid qilayotgan erkakning xonadoniga borganida, erkak uni pichoqlab qo‘ygan. 65 yoshli qotil oradan uch kun o‘tib qo‘lga olindi. Qabristondagi makkapoya ichida yashirinib yotgan erkak tong saharda ro‘y bergan qo‘lga olish chog‘ida o‘zining qorniga pichoq bilan jarohat yetkazgan va shifoxonaga olib borilgan. Profilaktika inspektori madhiya sadolari ostida so‘nggi manzilga kuzatildi. Janoza marosimida IIB xodimlari saf tortib, marhumga hurmat sifatida osmonga qarata bir necha bor o‘q uzishdi.
Qirg‘iziston aholi daromadlarining o‘sishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqdi. Qo‘shni mamlakatda aholi jon boshiga daromadlar oxirgi 3 yilda 85 foizga oshib, 2 500 dollarga yetgan. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkichlar 37 foiz va 3100 dollarni tashkil etadi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, bunday o‘sish tendensiyasi saqlanib qoladigan bo‘lsa, Qirg‘iziston 2027 yilga borib jon boshiga daromadlar bo‘yicha O‘zbekistondan o‘tib ketadi. 2030 yilga borib, o‘rtacha qirg‘izistonlik o‘rtacha o‘zbekistonlikdan 1,5 baravarga boyroq bo‘lishi mumkin.
Xususiy universitetlar uchun yana yangi talablar e’lon qilindi. Hukumat qaroriga ko‘ra, bundan buyon xususiy OTM ochishni xohlaganlar kamida 2 mln dollarlik ustav fondini shakllantirishi, bankka 350 ming dollar depozit qo‘yishi, o‘quv binolari maydoni 5 ming kv.metrdan kam bo‘lmasligi, ulardan foydalanish bo‘yicha kamida 5 yillik ijara shartnomasiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, investorlar universitet ochganidan keyin 5 yil davomida sof foydaning kamida 80 foizini, keyingi yillarda esa kamida 50 foizini qayta investitsiya qilishga majbur. Eslatib o‘tamiz, may oyida ham xususiy, ham davlat oliygohlari uchun yangi talablar belgilovchi farmon imzolangan edi. Undan avvalroq, ayrim tashkilotlar xususiy universitetlarga noqonuniy “o‘lpon” joriy qilishga uringan edi.
Qurilish oynalarini qayta ishlash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilmoqda. Deputatlar 1 iyul kuni bu haqdagi qonunni birinchi o‘qishda qabul qildi. Qonunni importga cheklovlari bilan mashhur Texnik tartibga solish agentligi ishlab chiqqan. Parlamentda so‘zga chiqqan agentlik direktori Akmal Jumanazarov qurilish oynalari uchun utilizatsiya yig‘imi joriy etilishini ekologik zarurat bilan izohladi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda avtomobillar uchun ham utilizatsiya yig‘imi joriy qilingan, 1 maydan boshlab yangi elektromobillar uchun bu yig‘im miqdori 4 barobarga oshirilgan edi. Hozir elektromobil xaridorlari 3500 dollarlik yig‘imni nega to‘layotganini bilmaydi: utilizatsiya o‘lponidan tushgan trillionlar qayerga ketayotgani shu paytgacha ochiqlanmagan.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Mavzuga oid
18:45
O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi nima qilmoqchi? Yangi choralar tasdiqlandi
19:16 / 14.01.2026
Ukrainada yana korrupsiya mojarosi: Yuliya Timoshenko Rada deputatlarini sotib olishda ayblanmoqda
08:40 / 14.01.2026
Ukrainada Timoshenko bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan korrupsiya ishi ochildi
17:20 / 13.01.2026