Xorazm viloyatining Bogʻot tumanida bir oilaning 4 aʼzosi zaharlanib, vafot etdi. Holatni hodisa sodir boʻlgan Maʼnaviyat mahallasi raisi Kun.uz’ga tasdiqladi.
Mahalla raisining aytishicha, ayol va uning qizlari oʻlimiga nima sabab boʻlgani hozircha aniq emas. Ammo, ular salatdan zaharlangan boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
“Oilada tugʻilgan kun nishonlangan. Ertasi kuni ayol qizlari bilan tugʻilgan kun tadbiridan qolgan salatni isteʼmol qilishgan. Bu paytda uning turmush oʻrtogʻi uyda boʻlmagan. Salatlarni ayolning oʻzi tayyorlagan boʻlgan”, deydi mahalla raisi.
Vafot etgan qizlarning eng kattasi 7 yosh boʻlgani aytilmoqda. Oilada uch qizdan boshqa farzand boʻlmagan.
Hodisa yuzasidan hozircha rasmiy axborot berilmagan.
















