18:44 / 12.11.2015
4636

O‘zbekistonda Habibiy tavalludining 125 yilligi nishonlandi

12 noyabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Habibiy (1890-1980) tavalludining 125 yilligi nishonlandi. Unda taniqli olim va shoirlar, adabiyotshunoslar, mashhur san'atkorlar ishtirok etdilar.

“Nazm va navo kechasi” deb nomlangan yig‘ilishni Yozuvchilar uyushmasi raisi O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Muhammad Ali olib bordi. Kechada xalq shoirlari To‘lan Nizom, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, professor Naim Karimov, adiba Olmos G‘ulomova va boshqalar so‘zga chiqib, Habibiy domlaning o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixida tutgan o‘rni to‘g‘risida gapirdilar. Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston san'at arbobi Temur Mahmudov boshchiligidagi san'atkorlar Habibiy g‘azallari bilan kuy-ashulalar ijro etdilar. Tadbir qatnashchilariga Habibiy domla hayotidan hikoya qiluvchi “Mavlono Habibiy lutflari” nomli kitobcha taqdim etildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston radiosi oltin fondida shoir Habibiyning 200 dan ortiq qo‘shiqlari saqlanmoqda. Bulardan eng mashhurlari: “Diyorimsan”, “Farg‘ona ruboiysi”, “Bo‘lmasa”, “Yaxshiroq”, “Nima bo‘lding” va boshqalardir.
Iskandar Madg‘oziyev, O‘zMU talabasi.

Top