Jahon | 11:29 / 18.05.2016
9773
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning Berlindagi elchixonasida Erdo‘g‘anning Gitler obrazidagi surati paydo bo‘ldi

Turkiya Respublikasining Germaniya poytaxti Berlin shahridagi elchixonasida Rajab Tayib Erdo‘g‘anning natsistlar yetakchisi Adolf Gitler qiyofasidagi suratini ko‘rish mumkin bo‘ldi, deb yozmoqda The Independent gazetasi.

Xabarlarga ko‘ra, rassomlar turk rahbarining suratiga Gitlerning o‘ziga xos belgilari: ikki yoni qisqartirilgan mo‘ylov va natsistlar qo‘lbog‘ini chizishgan. Bundan tashqari, elchixonada «U qaytdi» degan ibora ham paydo bo‘lgan. Tasvir  elchixona binosiga bevosita osilmay, proyektor vositasida namoyish etilgan.

Nashrning aniqlashicha, Pixel Helper nemis guruhi faollari ushbu g‘oya mualliflaridir. Ular o‘zlarining aksiyasi bilan Turkiyada ikki nafar jurnalistning qamalishiga noroziligini izhor qilishgan. 

«Biz nemislar diktaturaning ilk damlarida qanday bo‘lishini yaxshi bilamiz. Natsistlar tuzumining dastlabki bosqichlari va Erdo‘g‘an Turkiyasining o‘xshashligi xavotir uyg‘otadi», — degan guruh a'zolaridan biri Oliver Biyenkovskiy.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Erdo‘g‘an «kech bo‘lmasdan avval to‘xtatilishi lozim».

Bundan avval, Erdo‘g‘an Gitler davri Germaniyasini, prezidentlik boshqaruvining eng samarali namunasi deb baholagan edi.