Xalqaro valyuta jamg‘armasi Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam berishni kuchaytirish niyatida
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam berish yo‘nalishidagi siyosatini kuchaytiradi. Jamg‘arma ijrochi direktori Kristin Lagard, XVJ mintaqaviy konferensiyasi yakunlariga bag‘ishlangan brifingda shu haqda ma'lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqaning ko‘plab davlatlari "mintaqaviy integratsiya va savdoni rivojlantirish" yo‘lidan bormoqda, ammo bu sohada "ko‘proq ishlarni amalga oshirish mumkin".
"XVJ mintaqaning barcha mamlakatlariga yordam bermoqda, ko‘p tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda, moliyaviy siyosatga oid takliflar beryapti", - deb qayd etgan Lagard.
Uning e'tirof etishicha, jamg‘arma mintaqaning ikki mamlakatiga moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda hamda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etib kelayapti.
Lagardning aytishicha, "yana bir mamlakat bu borada muzokaralar bosqichida. Biroq eng asosiysi Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari "o‘zaro" bog‘liqdir".
"Ularning taraqqiyot darajasi turlicha, ayrimlari xorijdan yuboriladigan pullarga muhtoj, boshqalari xom-ashyo narxlarini kuzatib turishadi. Biroq ularning barchasi bir-biriga chambarchas bog‘liqdir", - degan Kristin Lagard.