Rossiya poytaxti Moskva şahridagi AQŞ elçixonasi xavfsizlik böyiça ogohlantiriş eʼlon qildi: uning maʼlumotlariga köra, 31-oktabr kuni «Saritsino» muzey-qöriqxonasi hududida köplab qurbonlarga olib keluvçi hodisa yuz berişi mumkin.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Amerika tomonidan Moskvada terakt tayyorlanayotgani haqida xabar olganini tasdiqladi.

Amerikalik diplomatlar tahdidni asosli deb baholamoqda. Bayonotda aytilişiça, AQŞ hukumati javob çoralarini Rossiya davlat idoralari bilan muvofiqlaştirmoqda. AQŞ fuqarolariga şanba kuni «Saritsino»ga bormaslik, boğga yaqinlaşmaslik, odamlar gavjum joylardan yiroq yuriş va huşyorlikni saqlaş tavsiya etilgan.

FXX vakillarining sözlariga köra, maʼlumotlar «hamkorlik kanallari» orqali kelib tuşgan. Idora «tegişli işlar olib borilayotganini» maʼlum qildi. Rossiya rasmiylari boşqa tafsilotlarni oçiqlamayapti.

AQŞ elçixonasi 2024-yil mart oyida «Krokus Siti Xoll»dagi teraktdan oldin ham şunga öxşaş ogohlantiriş eʼlon qilgandi. Öşanda elçixona AQŞ fuqarolariga 48 soat davomida ommaviy yiğinlarga bormaslikni maslahat bergan edi.