Jahon | 18:00 / 26.05.2016
10637
2 daqiqa o‘qiladi

Tailandlik kishi asalga ketib, 7 million dollarlik amfetamin bilan qaytdi

Tailandlik yovvoyi arilar asalini yig‘uvchi kishi 700 mingta amfetamin sintetik giyohvand moddasi tabletkalari joylashtirilgan o‘ramini topib oldi. Ayuttxayya provinsiyasida yashovchi kishi 7 million dollarga baholangan topilmadan xursand bo‘lib, pulga muhtoj do‘stlariga tarqata boshladi. Bu haqida "Kxom Chat Lik" gazetasi ma'lum qildi. 

May oyining o‘rtalarida narkopolitsiyachilar Ayuttxayya provinsiyasidagi qora bozorda sintetik giyohvand moddalar bahosining keskin tushib ketganiga e'tibor qaratishdi: bir dona amfetamin tabletkasining bahosi birdaniga 8 dollardan 3 dollarga tushib ketdi. Tez orada politsiyachilar provinsiyada yashovchi bir kishining do‘stlariga moliyaviy ahvolini yaxshilashi uchun tabletkalar tarqatib yurganidan xabar topishdi. Adolat posbonlari "saxiy kishi"ni topishga muvaffaq bo‘lishganida Kanpxet 200 mingta tabletkani tarqatgan bo‘lib chiqdi. Qolgani esa uning uyidan topilgan. 

Kanpxet politsiyachilarga o‘rmonga eltuvchi yo‘l chetida bir guruh kishilarning butalar orasiga nimadir yashirganini ko‘rib qolganini tan oldi. So‘ng odamlar qayoqqadir ketishdi, Kanpxet esa ularning nima yashirganiga qiziqdi va giyohvand moddalar yashiringan xaltani ko‘rib qoldi. 

Kanpxetga yirik miqdordagi giyohvand moddalarni saqlash va tarqatish ayblovlari qo‘yildi, deya xabar beradi gazeta. Bu ish yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda, chunki vaziyat murakkab. Odatda giyohvand moddalar yovuz niyatlarda sotiladi, bu vaziyatda esa ular yordam tariqasida bepul tarqatilgan.