Transport vazirligi Toshkent shahrida jamoat transportida 1-oktabrdan yoʻl haqi tariflarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan loyiha yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi jamoat transportida yoʻl haqi tariflarini qayta koʻrib chiqish loyihasini 9-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qoʻygan. Loyihaga koʻra, 1-oktabrdan quyidagilarni joriy etish taklif qilinmoqda:
avtobus yoki metroda bir martalik qatnov uchun elektron toʻlov – amaldagi 1700 soʻm oʻrniga 2500 soʻm;
naqd pul bilan toʻlov – amaldagi 3000 soʻm darajasida qoldiriladi;
bagaj tashish haqi – 4000 soʻm etib belgilanadi.
Barcha narxlar QQS hisobga olingan holda koʻrsatilgan. Shuningdek, loyihada doimiy yoʻlovchilar uchun yangi abonementlar hamda jamoat transporti turlari oʻrtasida biridan ikkinchisiga oʻtish uchun alohida almashish tariflari nazarda tutilgan.
Vazirlik izohida yoʻl haqi narxining har qanday oʻzgarishi aholining kundalik xarajatlariga bevosita taʼsir etishi, shuning uchun jamoat transporti xarajatlari nimalardan iboratligini va yoʻlovchi buning evaziga qanday xizmat olishi kerakligini ochiq tushuntirish muhimligi taʼkidlanadi.
Bugungi kunda poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda. Toshkent shahri kengayib, aholining muntazam va qulay transport xizmatlariga boʻlgan ehtiyoji yil sayin ortib bormoqda. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida harakat tarkibi qariyb ikki barobar kengayib, avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashgan. Ularning oʻrtacha qatnov oraligʻi esa 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqargan. Yoʻnalishlar tarmogʻi yangi turar joy massivlari hamda poytaxtga tutash hududlarni qamrab olish hisobiga kengaymoqda.
«Biroq harakat tarkibini sotib olishning oʻzi yetarli emas. Uning har kuni yoʻnalishga chiqishini va texnik sozligini taʼminlash zarur. Xarajatlar mashinistlar, haydovchilar va texnik xodimlarning ish haqi, yonilgʻi va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, harakatdagi tarkibga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, depo va quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, shuningdek, dispetcherlik, navigatsiya va elektron toʻlov tizimlarining ishlashini oʻz ichiga oladi», – deyiladi vazirlik izohida.















