Vaqt o‘tgani sayin odamning nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki uning hayotga bo‘lgan qiziqishlari, qarashlari va xohishlari ham o‘zgarib borarkan. O‘zida turli ma'nolarni qamragan ushbu so‘zlar saytimizning bu galgi mehmoni – Sevinch Mo‘minovaga tegishli. Zero suhbat davomida aytilgan bu gaplarning rostligiga xonanda bilan suhbatlashish jarayonida o‘zimiz ham amin bo‘ldik.

Sevinch Mo‘minova ilgarigidek sho‘x-shodon kulsa-da, bu kulgi ortida ajib ma'yusliklar bordek tuyuldi. Ammo bugun uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, ijodga bo‘lgan ishtiyoqi nafaqat o‘sha-o‘sha, balki Sevinch avvalgidan ham kuchliroq “yonayotganligini” payqash qiyin bo‘lmadi.

Bunga suhbat davomida o‘zingiz ham qisman guvoh bo‘lishingiz mumkin.

-  Sevinch opa, oilali bo‘lganingizdan so‘ng deyarli ijod qilmay qo‘ydingiz.

- Yangi qo‘shiq va kliplarni, albatta, yaratyapman. Oxirgi ijod qilgan “Ko‘ylagim”,  “Yolg‘onchi yor”, “Taqdir”, “Do‘qi-do‘qi”, “Ko‘lgan gadar” qo‘shiqlarimni kliplari bilan taqdim etdim. Hozir yana ikkita qo‘shig‘im tayyor va bu qo‘shiqlarni yaqin kunlarda klip bilan taqdim etishni rejalashtirganman. Qo‘shiq mavzusi va klip g‘oyasi haqidagi sirlarni hozircha ocholmayman. O‘ylaymanki, bu gal ham qo‘shiqlarim muxlislarimizga manzur bo‘ladi. 

Bilasizmi, san'atkor ayol baribir oilam deydi, bolasiga, o‘ziga vaqt ajratadi... Oddiy, san'atkor bo‘lmagan ayollarni misol qilib olsak, ular ham hozirgi kunda bolasini enagaga beryapti. Masalan, men bolamni enagaga topshirgim kelmadi, qizimga o‘zim qarashni afzal ko‘rdim. Chunki hech bir enaga bolaga o‘z onasidek mehr berolmaydi. Shu bois ijodimga ko‘proq vaqt ajratolmadim. Lekin bundan afsuslanmayman. Sababi, unutilmas va baxtli damlarni farzandim bilan o‘tkazdim, deb aytishim mumkin. Sentyabr oyida qizim besh yoshga kiradi, nasib bo‘lsa.

-  “Yolg‘onchi yor” qo‘shig‘ingiz klipi bilan ayni shaxsiy hayotingiz bilan bog‘liq mish-mishlar tarqalgan paytda ekranda taqdim etildi. Shu bois muxlislar bu qo‘shiq sizning hayotingizdan olingan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilishdi... 

- Bilasizmi, sevgi bu juda mas'uliyatli, pokiza tuyg‘u. Ayrim erkaklar sevaman, o‘ldim, kuydim deb bir ikki qadam yurgach “ko‘zi olma kesak teradi”.  Bunaqa holatlarni atrofda kuzatib juda ko‘p guvoh bo‘lganligim uchun menda shu mavzuda qo‘shiq kuylash istagi paydo bo‘ldi. Sevgan odamning ko‘zi boshqasini ko‘rishi, boshqasi haqida o‘ylashi mumkin emas. To‘g‘ri, “erkak kishi yetti qadam yurgach bo‘ydoq”, erkak kishiga bo‘laveradi, deyishadi. Lekin bo‘lavermaydi-da! Shu bois “Yolg‘onchi yor” qo‘shig‘ini kuyladim. Ammo bu qo‘shiqda mening shaxsiy hayotim, kechinmalarim ifodalangan, degani emas. Har bir odamning vijdoni bo‘lishi kerak. Sevdimi, sadoqat qilishi, sevgisining qadriga yetishi kerak...