O‘zbekiston | 14:53 / 21.09.2016
32024
3 daqiqa o‘qiladi

Metroning «Yunusobod» yo‘lidagi qurilish ishlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan bajariladi

O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev «Yunusobod» yo‘nalishidagi metro qurilishini yakunlashni tezlashtirish uchun Toshkent metropolitenini «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tizimiga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma berdi. Bu haqda kun.uz manbasi ma'lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev 18 sentabr, yakshanba kuni Toshkent shahrining bir qator tumanlarida, xususan, Yunusobod tumanida bo‘lib, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan bevosita tanishdi. U metroning «Yunusobod» yo‘nalishidagi ikkita bekatda qurilish ishlarini yakunlash, yangi yer osti va yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish masalalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berdi.

Ma'lumot uchun, Toshkent metropolitenining «Yunusobod» yo‘lini qurish ishlari 1988 yilda boshlangan, 2001 yili qurilish ishlari yuzaga kelgan murakkabliklar tufayli to‘xtab qolgandi. Metroning ushbu yo‘nalishi loyihalashtirish va qurishda juda murakkab bo‘lib chiqdi, chunki metro tunneli va bekatlari joylashgan joylar kanallar va Bo‘zsuv ostiga to‘g‘ri keldi. Undan tashqari, metro qurilishiga o‘tgan ko‘plab muhandislik kommunikatsiyalari ham xalaqit berdi. 

Bugungi kunda ushbu metro yo‘nalishining asosiy muammosi uning Yunusobodning aholi gavjum yashaydigan mavzelarigacha yetib kelmagani hisoblanadi. Shuning uchun ham yo‘lovchilarning ko‘p qismi yo undan umuman foydalanmaydi yoki faqat tranzit maqsadlarda foydalanishi kuzatiladi.

Hozirda yo‘nalishda 6ta — «Shahriston», «Bodomzor», «Minor», «Abdulla Qodiriy», «Yunus Rajabiy» va «Mingo‘rik» bekatlari ishlab turibdi, yo‘nalishning uzunligi 6,4 kilometr.

«Yunusobod» yo‘nalishida loyihaviy nomi «Fayzulla Xo‘jayev», «Yunusobod», «Turkiston» bo‘lgan bekatlar qurilishi davom etayotgan bekatlar hisoblanadi.

Bundan tashqari, «Yunusobod» yo‘nalishining Toshkentning janubiy tumanlarini qamrab oluvchi loyihalashtirilgan bo‘lagida «Bobur», «To‘qimachi», «Usmon Nosir», «Janubiy» kabi bekatlarning qurilishi nazarda tutilgan.

Metro yo‘nalishini aholi ko‘p istiqomat qiladigan hududlargacha olib borish orqali shahardagi avtomobil transporti yukini bir qadar yengillashtirish, shuningdek, metropolitenning rentabelligini sezilarli darajada oshirish mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid