Budapesht markazi bo‘ylab “sayr” qilgan to‘ng‘iz metro bekatiga tushishi oqibatida yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi va metro harakati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Budapesht transport kompaniyasi (BKV) xabar berdi.
«Hayvon qisqa vaqtga vagonlardan biriga kirib olgan, hech bir yo‘lovchi jabrlanmagan. Keyin esa vagondan chiqib, xizmat zinasidan tushgan va bekatda turgan poyezd ostiga kirib olgan. BKV xodimlari zudlik bilan bekatni evakuatsiya qilib, yopishdi. Barcha yo‘lovchilar hududni xavfsiz tarzda tark etgan», - deyiladi kompaniya bayonotida.
Ma’lum qilinishicha, to‘ng‘iz favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish xizmati xodimlari tomonidan tutilganida, uning yaradorligi aniqlangan. Hodisa joyiga chaqirilgan veterinar uning holatini baholab, hayvonni otib tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
«To‘ng‘iz sababli metroning M2 yo‘nalishida avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bunday voqea haqida yozishimga to‘g‘ri kelishini hech qachon o‘ylamagan edim. To‘ng‘iz “Layosh Koshut maydoni” metro bekatiga qanday qilib kirib qolgani noma’lum», - deb yozdi Budapesht meri Gergeliy Karachon Facebook ijtimoiy tarmog‘ida.
Vengriya Milliy ovchilik palatasi matbuot kotibi Attila Feldvarining so‘zlariga ko‘ra, to‘ng‘izlar inson uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun odamlar bilan to‘qnash kelganda to‘ng‘izni zararsizlantirishning eng xavfsiz usuli uni otib tashlash hisoblanadi.
To‘ng‘iz qayerda yaralangani va metro bekatiga qanday qilib kirib qolgani noma’lum.











