Rekonstruksiya va kengaytirish ishlari yakunlanishi munosabati bilan «Chinor» metro bekati 29 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab yo‘lovchilar uchun to‘liq faoliyatini qayta boshlaydi. Bu haqda Toshkent metropoliteni axborot xizmati xabar berdi.

«Rekonstruksiya jarayonida bekatning kirish va chiqish qismlari sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, avval 6 ta bo‘lgan turniketlar soni 13 taga yetkazildi. Shuningdek, yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘dirib kelgan o‘tish yo‘laklari qayta loyihalashtirilib, bekatdan bekatga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tish imkoniyati yaratildi. Bekat avvallari kun davomida o‘rtacha 15 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endilikda kuniga 35–40 ming nafargacha yo‘lovchiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi», deyiladi metropoliten xabarida.

Avvalroq, 13 iyundan boshlab 50 kun davomida «Chinor» bekatida ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi xabar qilingandi.