Jamiyat | 17:53 / 06.10.2016
12548
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz ta'minotini vaqtincha to‘xtatib turish yoki qayta tiklash uchun elektron ariza taqdim etish xizmati joriy etildi

Yagona portaldagi kommunal xizmatlar sohasi ro‘yxati yangi – «Gaz ta'minotini vaqtincha to‘xtatib turish yoki qayta tiklash uchun elektron ariza taqdim etish» xizmati bilan to‘ldirildi. Xizmat O‘zbekiston Respublikasining barcha hududi bo‘ylab «Uztransgaz» AK tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma'lum qildi.

Xizmatdan foydalanish uchun elektron ko‘rinishdagi arizani to‘ldirib, hech qanday to‘lov amalga oshirmasdan jo‘natish lozim, chunki xizmat bepul amalga oshiriladi. Ariza ro‘yxatga olingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida tuman (shahar) tabiiy gaz ta'minoti muassasasi mutaxassisi arizada ko‘rsatilgan manzilga gaz ta'minotini to‘xtatib turish yoki qayta tiklashni amalga oshirish uchun tashrif buyuradi.

«Uztransgaz» AK yangi xizmatidan foydalanish uchun tabiiy gaz ta'minotini qayta tiklash uchun tashrif buyurgan mutaxassisga arizachining foydalanilgan tabiiy gaz uchun qarzi yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlar (kvitansiya, cheklar va boshqalar) bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid