Hafta davomida Eron Amerika prezidenti Trampni o‘ldirishga uringani ma’lum bo‘ldi. AQSh maxfiy xizmati Trampni oziq-ovqat furgoniga yashirib, harbiy samolyotga olib o‘tgani butun dunyoda muhokama qilindi. Shuningdek, Putin ilk marta yaponlar o‘ziniki deb hisoblaydigan Kuril orollariga bordi. Markaziy Osiyoda 2022-yildagi kabi bo‘lmasa ham, jiddiy blekaut kuzatildi. Qirg‘iziston prezidenti Japarov Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘l qurilishi uchun Putindan ruxsat olib kelganini aytib berdi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini yodga olamiz.

Trampni furgonga yashirishdi

Haftaning eng muhim voqeasi – Donald Trampga navbatdagi marta suiqasd qilishga urinishgani bo‘ldi. Oq uy rahbari Anqaradagi NATO sammitidan harbiy samolyotda qaytgani, prezident samolyotidan furgonda boshqa uchoqqa o‘tkazilgani hazil bilan gapirilmoqda, lekin ishoning, bu jiddiy voqea bo‘ldi. Amerika nashrlari yangidan-yangi tafsilotlar e’lon qilyapti. Ularda yozilishicha, Trampga suiqasd haqida katta ehtimol Isroil tashqi razvedka tashkiloti Mossad axborot olgan.

Xabarlarga ko‘ra, Eron ta’siridagi shia guruhlardan biri Anqaradagi aeroport yaqiniga ko‘chma raketa kompleksi olib borgan ekan. Ya’ni Trampning samolyotiga hujum Erondan turib emas, Turkiyaning o‘zidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan. Isroilliklar bu haqda MRBni xabardor qilgach, amerikaliklar bunga jiddiy qaramagan, lekin keyinroq maxfiy xizmat Trampni qutqarish bo‘yicha butun dunyo xabar topgan operatsiyani amalga oshirgan.

Bu operatsiyadan keyin hammani bir savol o‘ylantirmoqda: agar chindan Eron Trampning samolyotini urishni maqsad qilgan bo‘lsa, nega prezident yashirincha tarzda harbiy samolyotga o‘tkazildi-yu, birinchi bortda qolgan jurnalistlar, delegatsiya a’zolari Britaniyagacha go‘yoki Eron nishonidagi samolyotda uchib ketdi? Amerika prezidentining hayotini qutqarish operatsiyasi maxfiy qolishi uchun o‘nlab odamlar hayoti xavf ostiga qo‘yildimi?

Eron hali Trampning samolyotiga hech qanday raketa otmay dunyoda shuncha vahima ko‘tarildi. Bu esa Amerika Eronda urush boshlab hech nimaga erishmagani, faqat muammo orttirayotganini bildiradi. Agar Trampni NATO davlatida o‘ldirishi mumkinligiga butun boshli Amerika va Isroil razvedkasini ishontira olgan bo‘lsa, demak Eronda hali ham kuch bor ekan.

Putin Kurilga bordi

Hafta davomida Rossiya prezidenti Putin ilk marta Kuril orollariga bordi. Bu Kreml rahbarining hududlarga odatiy tashriflaridan biri emasdi. Chunki Yaponiya Kuril orollari o‘ziga tegishli ekanini da’vo qiladi. Putin shuncha vaqtdan buyon prezident bo‘lsa ham, u yerga biror marta bormagandi. Oxirgi marta orolga Medvedev prezident sifatida borgan.