Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 13-avgust kuni e’lon qilingan, jurnalist Ali To‘ktakunovga bergan intervyusida bekor qilingan vorislik rejasi haqida gapirdi. Jurnalist ikki do‘st o‘rtasida oldindan «avval men prezident bo‘laman, keyin senga yo‘l bo‘shataman» degan va’da bo‘lganmi, deb so‘radi.
«Bunday va’da umuman bo‘lmagan. Uning do‘stlari «Ular Qur’on ushlab qasamyod qilishgan», deb gap tarqatib yurishibdi. Xudo tepadan ko‘rib turibdi, hech qanday kelishuv bo‘lmagan.
Sizga bor haqiqatni aytaman. Mening shaxsiy rejam bor edi: olti yil ishlab, 2027-yilda saylovga o‘zim bormaslik. Agar Qamchi o‘sha vaqtga qadar tayyor bo‘lsa, yaxshi ishlab, tajriba to‘plasa, uning saylovda qatnashishini xohlagandim. O‘zim qatnashmasdan, Qamchini prezident qilib, o‘zim dam olishga ketmoqchi edim. Bu mening shaxsiy rejam edi», deydi Japarov.
«Men to‘rt yil xorijda yurdim, to‘rt yil qamoqda o‘tirdim. Olti yildan beri go‘yoki soqchilar nazorati ostida yurgandekman. Sochlarim oqardi. Men ham dam olishni xohlardim. Nevaralarim bor – ularga e’tibor qaratmoqchi edim. Pensiyaga chiqmoqchi edim» deydi Qirg‘iziston yetakchisi.
«Prezidentlikka tayyorgarlik ko‘r»
Prezident bu reja haqida Tashiyevga taxminan bir yil oldin aytgan va prezidentlikka tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan. Ammo, Japarov keyinchalik Tashiyev bunga tayyor emas, degan xulosaga kelgan. U Tashiyevning ayrim xodimlari va safdoshlarining xatti-harakatlarini, «75 kishi xati»ning paydo bo‘lishini va Qirg‘iziston parlamentidagi bo‘linish belgilarini sabab qilib ko‘rsatdi.
«Men unga: «Tayyor bo‘l, atrofingni tozalab, tartibga keltir», degan edim. Lekin keyin ko‘rdimki, u tayyor emas. Hamma xodimlar undan qo‘rqishni boshlagandi. Uning butun atrofi go‘yoki havolanib ketgandi.
«75 kishi xati» ishi bo‘yicha parlamentdagi deputatlarni ikkiga ajrata boshlashdi: «Sen generalning tarafidasan, sen esa uning tarafida emassan».
O‘shanda men uni chaqirib: «Bunday qilib bo‘lmaydi. Xalqni bo‘lish mumkin emas», dedim. Men shimol va janubga bo‘linishni qattiq to‘xtataman, buning uchun jazolayman - buni ochiq aytaman. Hozir xalq jipslashib, yagona Qirg‘izistonga aylanmoqda, shuning uchun «Sen u yerdansan, sen bu yerdansan», deb aytish mumkin emas»









