Jamiyat | 09:08 / 15.10.2016
7213
3 daqiqa o‘qiladi

Shol bo‘lgan amerikalik sun'iy qo‘l bilan his eta boshladi

Foto: UMPC

Amerikalik olimlar ishlab chiqqan neyrointerfeys shol insonga protez yordamida narsalarni his qilish imkonini berdi. Tizimni sinovdan o‘tkazish uchun avtohalokatda umurtqa pog‘onasining bo‘yin sohasida jarohat olgani sabab barcha harakat a'zolari shol bo‘lib qolgan kishi taklif etilgan. Ushbu sinov natijalari Science Translational Medicine jurnalida chop etilgan.

Sun'iy qo‘lga sezgini bag‘ishlovchi tajriba interfeyslarining aksariyati periferik nervlarga ulanadi. Mashg‘ulotlar chog‘ida boshmiyada yangi neyronal aloqalar hosil bo‘ladi. Bu o‘z navbatida, sun'iy qo‘l signallarini miya tomonidan his qilinishiga olib keladi. Biroq, bu sezgilar tabiiysidan nina sanchishga o‘xshashligi bilan farqlanadi. Bu kabi interfeyslar miya po‘stlog‘idagi nerv tomirlari bilan periferik aloqani uzilmasligini talab qiladi va orqa miya yoki neyrodegenerativ bemorlarga to‘g‘ri kelmaydi. 

Pittsburg va Chikago Universitetlari xodimlari esa, bevosita boshmiya po‘stlog‘iga ulanuvchi sezuvchi interfeysni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘lishgan. Ular tizimni sinab ko‘rish uchun 2004 yilda avtohalokatga uchragani sabab batamom shol bo‘lib qolgan 28 yoshli Natan Kouplendni taklif qilishgan. 

Olimlar MRT va magnitli entsefalografiya yordamida Kouplendning somatosensorli po‘stlog‘ining zaruriy qismini aniqlab olishgan. Shundan so‘ng, bir necha oy mobaynida turli birikmali zaif elektr impulslar berilgan. Shundan so‘ng, interfeys Jons Xopkins universitetida ishlab chiqilgan robot protez qo‘lga ulangan. 

Moslashuv va mashg‘ulotlar davridan so‘ng, Kouplend deyarli 100 foiz holatlarda protez qo‘lning har bir barmog‘iga teginishni his qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba'zan hislar elektr toki yoki bosimga o‘xshab ketadi, ammo ko‘p hollarda u tabiiyga o‘xshash teginish va siqishni sezgan. Ammo, hozircha, protez qo‘l haroratni sezmagan. 

Olimlar sinovning navbatdagi bosqichida sezgi tizimini avvalroq ishlab chiqilgan va protezni boshqarish imkonini beradigan neyrointerfeysga ulab ko‘rishmoqchi. Bundan ko‘zlangan maqsad, imkonqadar tabiiy qo‘l funksiyalarini bajara oladigan sun'iy qo‘lni ishlab chiqishdir. Biroq, olimlarning aytishicha, buning uchun hali ko‘p ishlash talab etiladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid