O‘zbekiston | 08:40 / 19.10.2016
10183
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazi»ni tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi

Foto: uza.uz

Avval xabar berilganidek, Toshkentda IHT TIVKning 43-sessiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Kuni kecha, uning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, sessiya qatnashchilari oldida ma'ruza qildi. 

Shavkat Mirziyoyev sessiya qatnashchilarini O‘zbekiston zaminida qutlar ekan, 2017 yilda Kengashga raislik qiluvchi O‘zbekiston shu bir yillik davrida musulmon davlatlarining samarali va nufuzli forumi sifatida tashkilot rolini mustahkamlashga harakat qilishini ta'kidladi. 

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning raisligida o‘tayotgan ushbu anjumanning «Ta'lim va ma'rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l» shiori ustuvor yo‘nalishlarni aniq ifoda etadi. 

Xususan, aholi hayot darajasi va sifati ko‘p jihatdan mamlakat raqobatdoshligining asosiy ko‘rsatkichiga aylangan bugungi sharoitda taraqqiyotning muhim omili sifatida ta'limning roli ortib bormoqda. Hozirgi paytda jamiyat va sivilizatsiyalar avvalo ijtimoiy qadriyatlar va ta'lim tizimlari bilan raqobatlashmoqda. 

Shu nuqtai nazardan, buyuk ajdodlarimiz bo‘lgan islom olamining mutafakkirlari asarlarini, ularning butunjahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, teran anglash va keng ommalashtirish alohida ahamiyatga egadir. 

Bu masala yoshlarda ilm-fanga va ta'lim olishga intilish tuyg‘usini kuchaytirish, barcha jamiyatlarda islom qadriyatlari va madaniyatini to‘g‘ri anglash hamda qabul qilish, dunyoning barcha xalqlariga Islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun muhimdir. Shuningdek, bugungi kunda xalqaro miqyosda konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, tinchlik va totuvlikka erishishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shunga binoan, nafaqat islom madaniyati, balki umumbashariy sivilizatsiyaga benazir hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma'naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishdan iborat. 

Bunday markazning Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida yaratilishi mantiqiy ish bo‘lur edi. Buni bir qator qulay omillar taqozo etmoqda: 

birinchidan, Samarqandning musulmon madaniyati durdonalaridan biri ekanligi bilan bog‘liq dunyo sivilizatsiyasidagi mumtoz o‘rni; 

ikkinchidan, eng buyuk musulmon mutafakkirlaridan biri, barcha muhaddislar peshvosi Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi joylashgan ushbu mintaqaga xos bo‘lgan alohida ma'naviy-ruhiy muhit. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Samarqandda Islom hamkorlik tashkiloti homiyligida tashkil etilishi taklif etilayotgan tadqiqot markazini «Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazi» deb atash g‘oyasini ham bildirdi. 

Mirziyoyev, shuningdek, ushbu tashabbusni Islom hamkorlik tashkilotining Bosh kotibi Iyad Madaniy Janobi oliylari qo‘llab-quvvatlashiga va bu loyihani amalga oshirishda kerakli ko‘makni berishiga umid bildirgan. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid