Texnologiya | 16:47 / 21.10.2016
9942
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyadan O‘zbekistonga uchayotgan yo‘lovchilar samolyot bortiga Galaxy Note 7 olib chiqishi taqiqlandi

Foto: Getty Images

Malayziya Davlat avianazorati ko‘rsatmasiga binoan hamda parvozlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida Malayziyadan uchib keladigan yo‘lovchilarga «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi havo kemalari bortiga Samsung Galaxy Note 7 smartfonlarini olib chiqish taqiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston havo yo‘llari» matbuot xizmati xabar bergan.

Cheklovlar Samsung Galaxy Note 7 smartfonlarining yonib ketish holatlari kuzatilayotgani munosabati bilan kiritilgan.

«Malayziyadan uchib kelayotgan yo‘lovchilar Galaxy Note 7 smartfonini qo‘l yuki sifatida olib ketishi, bagajga topshirishi yoki mamlakatdan uchib ketadigan qatnovlarda yuk sifatida jo‘natishi mumkin emas. Ushbu ko‘rsatmaga qat'iy rioya etishingizni so‘raymiz», — deyilgan xabarda.

Samsung Galaxy Note 7 smartfonlari 7 avgustdan Janubiy Koreya bozorida chiqa boshlagan edi, ammo sentabrga kelib 2,5 million smartfon xaridorlardan qaytarib olindi. Bunga uskuna batareyasi bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘ldi.

11 oktabr kuni Galaxy Note 7’ning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgani e'lon qilindi. 13 oktabr kuni Samsung Electronics kompaniyasi Janubiy Koreyada Galaxy Note 7 smartfonlari uchun tovon puli to‘lash va ularni boshqa modellarga almashtirib berishni boshladi.

Samsung Galaxy Note 7 sotuvlari to‘xtatilganidan so‘ng daromad 30 foizga tushishini kutmoqda. Kompaniya Galaxy Note 7 tufayli ko‘riladigan zararni 5,3 milliard dollarga baholadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid