Kecha, 24 noyabr kuni Angliya futbolining buyuk futbolchilaridan biri, «Liverpul» qahramoni Stiven Jyerrard butsalarini «mixga ilganini» ma'lum qildi. 19 yillik professional faoliyati davomida juda ko‘plab muxlislarning yoqimtoyiga aylangan futbolchi murabbiylik faoliyatini boshlashni niyat qilgan. Tribuna.Uz «Liverpul»ning uzoq yillar davomidagi sardorining futboldagi eng yorqin lahzalarini eslab o‘tadi.

«Hillsboro»dan qolgan «chandiq»
1989 yilda sodir bo‘lgan «Hillsboro»dagi dahshatli tragediyani «Liverpul» sardori qalbida alohida og‘riq bilan yodga oladi. O‘shanda tiqilinchda halok bo‘lgan 96 nafar «Liverpul» muxlislari orasida Jyerrardning 10 yoshli amakivachchasi Jon-Pol ham bor edi. Stivi o‘zining «Mening tarixim» nomli avtobiografik kitobida mazkur voqea unga haligacha tinchlik bermasligini va yuragini yaralaganini tan olgandi. Jyerrard birinchi marta bunday hissiyotni «Hillsboro»ga bag‘ishlab tashkil qilingan tadbirlarning birida his qilgandi.

«Chelsi»? «Manchester Yunayted»? Kechirasiz
Stiven Jyerrard 8 yil davomida «Liverpul» akademiyasi tizimida tarbiya topadi, ammo 14 yoshga to‘lganida «MYu» ko‘rigida bo‘ladi. Maqsad — liverpulliklar rahbariyatini shartnoma tuzishga majburlash. 2004 yilda esa Stivi Ji «Chelsi»dan taklif oladi — u yerga Jyerrard o‘z kitobida dunyoning eng kuchli murabbiyi deya ta'rif bergan Joze Mourinoning shaxsan o‘zi chorlagandi. Portugaliyalik mutaxassis Jyerrardni keyinchalik «Inter» va «Real»ga taklif qiladi, biroq har safar rad javobi eshitadi.

Istanbuldagi «triller»ning tarixiy qahramoni
Yevropa chempionlar ligasining 2005 yildagi buyuk finali «Liverpul» sardori bo‘lmaganida bu nomni olmagan bo‘lardi. Aynan Jyerrard, Istanbuldagi o‘yinning ikkinchi bo‘limida ko‘proq hujumlarga qo‘shilgandi. Liverpulliklarning birinchi golini nishonlarkan, u ikki qo‘lini baland baland silkitib, muxlislarni ham, jamoani ham ruhlantiradi. Keyinchalik bu harakat finalning hal qiluvchi daqiqasi deya ta'riflangandi. Goldan olti daqiqa o‘tib, Gattuzoning aynan Jyerrardga nisbatan ishlatilgan qo‘polligi natijasida belgilangan penaltidan Stivenning eng yaqin do‘stlaridan biri Xabi Alonso unumli foydalanadi. Trillerning davomi esa sizga ma'lum. Jyerrard o‘sha kechaning eng yaxshi futbolchisi deb topiladi va «Liverpul» uchun 21 yildan keyin ilk marta (hozircha so‘nggi) chempionlar Kubogini olib berilishida bosh qahramon sifatida qatnashadi.