Fan-texnika | 15:55 / 03.12.2016
7974
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy startapi Mitsubishi g‘oyalarini o‘g‘irlagani oshkor bo‘ldi

Xitoyning Weltmeister startapi Mitsubishi Motors kompaniyasidan suratlarni o‘margan. U 2016 yilning noyabrida elektrokarlarni ishlab chiqish va qiymati milliard dollar bo‘lgan zavodlarni qurish niyatida ekanini ma'lum qilgandi. Firma tomonidan chop etilgan o‘z bo‘lajak modellarining renderlari yaponiyalik raqobatchisi tasviridan o‘g‘irlangan bo‘lib chiqdi.

Weltmeister modellaridan biri – bu elektr kuchi qurilmasiga ega krossoverdir. Uning renderlari boshqa elektrokarlarning surati bilan bir vaqtda chiqarildi. Ma'lum bo‘lishicha, avtomobil suratida Mitsubishi Outlander Concept-S kontseptining qayta ishlangan variantini ko‘rish mumkin. 

Weltmeister Yaponiya kompaniyasining rasmiy suratlaridan nafaqat asosiy fonni ishlatgan, balki uning g‘ildiraklari va g‘ildirak arkalaridan ham foydalangan. Shuningdek, Mitsubishi modelidan ko‘zgular, reylinglar, to‘siq elementlari, kapot qismi, eshik bandlari, oynalar ham o‘g‘irlangan.

Avvalroq, Xitoy kompaniyasi o‘zining ikki ishlanmasi asosida elektromobillar ishlab chiqarishini ma'lum qilgandi. Marka ichiga krossoverdan tashqari sedan, universal va kompaktven ham kirishi ko‘zda tutilgan. Sotuvlar 2018 yilda boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, avval Xitoy bozorida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid