O‘zbekiston | 14:49 / 05.12.2016
29431
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek hayot bo‘lganda O‘zbekiston Oyga chiqqan birinchi mamlakat bo‘lardi!

Foto: Kun.uz

Bugun, 5 dekabr kuni matbuot markazida Buyuk Britaniyaning Konservativ partiyasi parlamenti lordi Muhammad Iltaf Shayx O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezidentlik saylovlariga o‘z munosabatini bildirdi. 

Lord saylovga tayyorgarlik va uning o‘tkazilish jarayoni, shuningdek O‘zbekistonning yetakchi arboblari hamda o‘zbek xalqi bilan yaqindan tanishganini ta'kidladi. Saylovlarning xalqaro va O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq o‘tkazilganligini tasdiqladi. Shu bilan birga u deyarli 90 foiz aholining saylovlardagi ishtirokini juda yuqori baholadi. 

Bundan tashqari, Muhammad Iltaf Shayx saylovchilarning o‘z xohishlariga ko‘ra yaxshi kayfiyatda tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida qatnashganlarini qayd etdi. Buyuk Britaniya Konservativ partiyasi parlamenti lordi bu borada ba'zi odamlar bilan gaplashgani hamda ularga nima uchun saylovga kelganliklari haqida savol berganligini aytdi. Ular mamlakat kelajagiga befarq bo‘lmagani uchun bu saylovlarda ovoz berish imkoniyatidan foydalanib, o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlashga kelganliklarini eshitib, bundan ijobiy taassurot olganini ta'kidladi. 

Muhammad Iltaf Shayx saylov jarayonidagi tashkilotchilikning yuqori saviyada ekanligiga urg‘u berdi. Shuningdek u saylov uchastkalaridagi qo‘shimcha xonalarga alohida to‘xtaldi. 

“Hech kim e'tibordan chetda qolmagan – bolalar, onalar, keksalar, nogironlar – barchasi uchun sharoit yaratilgan. Men buni biror boshqa davlatda ko‘rmaganman”, - dedi lord. 

Bundan tashqari, u o‘zbek xalqining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovga bo‘lgan mehr-muhabbatini his qilganini aytib o‘tdi. 

Muhammad Iltaf Shayx O‘zbekistonning yosh demokratik davlat ekanligiga urg‘u berdi va har bir davlatning o‘ziga xos bo‘lgan demokratik yo‘ldan borishini ta'kidladi. 

Lordning so‘zlaridan uning o‘zbek xalqi tarixi, boy madaniy merosiga befarq emasligini anglashingiz muqarrar. 

“Siz – boy tarixga ega mamlakatsiz. Al-Forobiy, Amir Temur, Ulug‘bek, tomirimda qoni oqayotgan Zahiriddin Muhammad Boburdek ulug‘ allomalari bo‘lgan yurtning kelajagi buyuk bo‘lishi shubhasiz”, - dedi u. Shuningdek u O‘zbekiston dunyoga Imom Buxoriydek buyuk shaxsni berganiga to‘xtaldi hamda biror bir masalada o‘ylanib qolganda uning hadislariga murojaat qilishini ta'kidladi. Bundan tashqari, Amir Temur shaxsiga juda qiziqishiga alohida urg‘u berdi. Buni u yerga tashrif buyurish sabablaridan biri deb ham atadi. 

“Ulug‘bek hayot bo‘lganda sizlar Oyga chiqqan birinchi yurt vakillari bo‘lgan bo‘lardingiz”, - dedi britaniyalik lord.

Mavzuga oid