O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil" esdalik nishonini ta'sis etish to‘g‘risida" farmoni imzolandi. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.

"O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25 yilligini nishonlash hamda davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarni, Qurolli Kuchlar faxriylarini va xizmatchilarini qo‘llab-kuvvatlash maqsadida: 

1. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishoni ta'sis etilsin. 

2. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishonining Nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin. 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishonlari va ularning guvohnomalari bir oy muddatda belgilangan tartibda tayyorlanishini ta'minlasin. 

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Maxmudov zimmasiga yuklansin. 

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti vazifasini bajaruvchi                                                Sh.Mirziyoyev

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil
28 noyabr PF-4859-sonli Farmoniga 1-ilova

“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil" esdalik nishoni to‘g‘risidagi
NIZOM 


1. “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishoni bilan davlatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan shaxslar, yuqori professional mahorati, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatini namoyon etgan harbiy xizmatchilar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish bo‘yicha jangovar harakatlarda ishtirok etgan, zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste'foga chiqarilgan harbiy xizmatchilar, shuningdek, harbiy hamda xizmat burchini bajarishda halok bo‘lgan yoxud yarador bo‘lgan va shikastlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilari taqdirlanadilar.