2 dekabr kuni Tokio shahridagi Yaponiya Bosh vaziri qarorgoxida hamyurtimiz Faxriddin Ergashev mehmon bo‘ldi. Tokio chet tillari universitetida davlat granti asosida tahsil olayotgan Faxriddin oliygohning chet ellik talabalari vakili sifatida Yaponiyaning birinchi xonimi (ya'ni Bosh vazir Shinzo Abening rafikasi) Akiye Abe bilan uchrashdi.
O‘zbekistonlik talaba mazkur uchrashuv haqidagi taassurotlari va o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

"Akiye xonim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yaponiyaning turli universitetlari (jumladan men tahsil oladigan Tokio chet tillari universiteti, Tokio , Vaseda , Keio, Xokkaydo, Xitotsubashi, Kioto universiteti)dan jami 10 nafarga yakin talaba ishtirok etdi. O‘rta Osiyo mamlakatlaridan faqat O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etdim. Akiye Abe xonim bilan birgalikda tushlik kilib, turli mavzularda suhbatlashdik.

Quvontirgan jihati, Akiye xonim O‘zbekiston haqida juda iliq fikrlar bildirib o‘tdi. Yaqin bir yil ichida xonim (2015 yilning oktabr va 2016 yilning avgust oyida) O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurdi. Vatanimiz , mehmondo‘st xalqimiz, odamlarning yuzidagi samimiylik va xursandchilik juda katta taassurot qoldirganini ta'kidlab o‘tdi.
Shuningdek, 1966 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan zilziladan omon qolgan yapon asirlari tomonidan qurilgan "Navoiy opera va balet teatri"ning mahobati va hukumat qayta ta'mirlashidan so‘ng yanada chiroy ochganidan hayratga tushganini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, sovet ittifoqi davridagi qiyinchiliklarga qaramasdan shu kunga qadar obodonlashtirilib kelinayotgan Yakkasaroy tumanidagi Yapon asirlari qabristoniga har safar tashrif buyurishi, qabristonning ozodaligini ko‘rib doim o‘zbek xalqidan minnatdor bo‘lishini aytib o‘tdi.
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning jadal sur'atlarda rivojlanib borayotgani, shaharlarning yanada zamonaviylashib, yanada chiroy ochayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi. Shuningdek, Mustaqillik yillarida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari rivojlanib kelayotgani, kunchiqar mamlakat Yaponiya va serquyosh o‘lka O‘zbekistonning turli sohalaridagi aloqalar yanada mustahkamlanib borishidan umidvor ekanligini qayd etdi.
Yaponiyaning birinchi xonimi tomonidan jannatmakon yurtimiz haqida bildirilgan bunday e'tirofdan O‘zbekiston farzandi sifatida judayam boshim osmonga yetdi.





















