2017 yil 22 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha  2017-2019 yillar uchun Bosh kelishuv imzolandi.

Bosh kelishuv:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan – Bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Narbayeva;

xodimlar tashkilotlari nomidan – O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov;

respublika ish beruvchilar birlashmalari nomidan – O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxovlar tomonidan imzolandi.

Bosh kelishuv respublikada olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni umumiy tamoyillarini belgilaydi. Shuning uchun ushbu hujjat asosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947 sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingan. 

Kelishuv ishtirokchilari tomonidan iqtisodiyotni, mahalliy ishlab chiqarishni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini ko‘tarish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotda xususiy mulk ulushini oshirish, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, faoliyatning barcha sohalarida davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha islohotlarni yanada chuqurlashtirishga  doir ishlarni hamkorlikda amalga oshirish ko‘zlangan.

Mehnatga haq to‘lash,  aholining real daromadlari va turmush darajasini ko‘tarish masalalarida ilk bor yalpi ichki mahsulot tarkibida mehnat haqi ulushini 30  foizdan kam bo‘lmagan miqdorda saqlab turish, eng kam ish haqi miqdorini belgilash bo‘yicha uch tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazish xususida kelishib olindi.

Taraflar eng kam mehnat haqi standartlariga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek mehnatga haq to‘lash fondining tarif qismi va tarifga qo‘shimcha qismi o‘rtasidagi maqbul nisbatni davlat tomonidan va jamoa shartnomalari vositasida  o‘rnatilishini  ta'minlash zarurligini tan oldilar.

Mehnat bozorini rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish masalalarida barqaror ish haqini va havfsiz mehnat sharoitlarini ta'minlovchi doimiy ish o‘rinlari, ayniqsa qishloq joylarida yaratilishiga,  oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari bitiruvchilarini, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni hamda  ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining boshqa toifalarini ishga joylashtirishga ko‘maklashishga alohida e'tibor qaratish maqsadga muvofiq deb topildi.