Jamiyat | 17:48 / 27.03.2017
7801
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida aholi vakillari uchun sayyor qabul tashkil etildi

Kuni kecha Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati xodimlari hamda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumani mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida aholi vakillari uchun sayyor qabul tashkil etildi

Tadbir Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni joyida hal etishga va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga bag‘ishlandi.

Mazkur tadbirda Toshkent shahri hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimliklari xodimlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari aholi bilan yuzma yuz muloqot qildi. Tadbirda bugun har bir rahbardan odamlar dardi bilan yashash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etib, farovon turmushni ta'minlash davrning talabi ekanligi alohida ta'kidlab o‘tildi. Shuningdek fuqarolarni tashvishga solayotgan muammolarga, joylarda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarga befarq bo‘lmay, ularni bartaraf etish uchun jon kuydirish, barcha o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashish kerakligiga e'tibor qaratildi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, shu yilning 25 mart kuniga qadar Virtual qabulxonaga jami Toshkent shahrida istiqomat qiladigan fuqarolar tomonidan 140 674 ta murojaat yuborilgan, shularda 16 843 tasi Mirzo Ulug‘bek tumaniga to‘g‘ri keladi. Jumladan, ularning 21% – uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish masalasiga, 9,6% – sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlar ko‘rilishi hamda sud qarorlarining ijro etilishi masalalari ga, 8,5% –moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta'minoti hamda bolalar nafaqasini olish masalalariga oiddir.

Tadbirda 170ga yaqin murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning aksariyat qismi ijobiy hal etildi. Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Olimlar ko‘chasi 29/3-uy istiqomat qiluvchi Shamsutdinov Ruslan Azimovich yo‘lakni (trotuar) ta'mirlash bo‘yicha murojaati, Maminova Muxabbat Ashiraliyevnaning o‘zi 2-guruh nogironi ekanligi, onasi ham yura olmasligi sababli onasiga aravacha ajratilishi haqida yordam so‘ragani, Xumoyun massivi, 35-uy, 36-xonadon istiqomat qiluvchi Abdullayev Ulug‘bek Kamiljonovichning klinika binosi buzilish loyihasiga tushganligi sababli, o‘rniga teng kompensatsiya so‘ragani yoki shu tumanning Mag‘rur ko‘chasi, 50-uyda yashovchi Gering Vera Igorevnaning tuman gaz idorasi xodimlari xatti-harakatlaridan bildirgan shikoyati qanoatlantirildi.

Ko‘rib chiqilgan barcha murojaatlar bo‘yicha shahar va tuman mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid