O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

O‘zbekistonda 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kunini, Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, front orti mehnat faxriylari hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an'analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish hamda bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:
1. Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq ma'qullansin. 

2. Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Ishchi guruh (A. Aripov):
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni  “Qahramonlik, burch va fidoyilik” hamda «Ajdodlarni xotiralash – muqaddas qadriyat» shiorlari ostida yuqori saviyada o‘tkazishni tashkil etsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning sifatli o‘tkazilishini ta'minlasin va joylarga chiqib, Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga amaliy yordam ko‘rsatsin;
1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining oila a'zolariga moddiy, ma'naviy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar,  tashkilot va harbiy qismlar vakillari biriktirilsin hamda ushbu toifadagi shaxslarni qutlash va ko‘nglini ko‘tarish maqsadida ularning yashash joyiga rahbarlarning tashrifini tashkil etsin;
yolg‘iz va kam ta'minlangan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari turar joyi va uy xo‘jaliklarini ta'mirlash, obodonlashtirish hamda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmaganlariga turar joy ajratish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish davomida 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi va front orti mehnat faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ko‘rsatgan matonati, mardlik va jasorati ahamiyatini keng aholi qatlami, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish, targ‘ib va tashviq etish bo‘yicha madaniy-ma'rifiy va vatanparvarlik yo‘nalishidagi tadbirlar o‘tkazilishini tashkil qilsin;