Respublikada sog‘liqni saqlashni isloh qilish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga onkologik tibbiy yordam ko‘rsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Onkologiya xizmatining yagona vertikal integratsiyalashtirilgan tizimi yaratildi, onkologiya muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda, professional kadrlar tayyorlashning zamonaviy ilmiy maktabi shakllantirilgan.

Onkologiya muassasalari amaliyotiga saratonga tashxis qo‘yish va davolashning bir qancha zamonaviy usullari joriy etilgan, onkologik patologiya profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda, bu esa kasallikning ilk bosqichlarida bemorlarni ikki barobar ko‘p aniqlash imkonini berdi.

Butun jahonda bo‘lgani singari, respublikada onkologik kasalliklar o‘sishi qayd etilmoqda. Tibbiyot fanini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi saraton kasalliklarining oldini olish choralarini yanada takomillashtirishga va respublika aholisiga onkologik yordam berish sifatini jahon andozalari darajasigacha oshirishga yo‘naltirilgan ustuvor vazifalar hal etilishini taqozo qiladi.

Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning samarali tizimini yaratish, onkologik kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashning ilg‘or usullarini joriy etish, respublika onkologiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda ularning tuzilmasini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaror qabul qildi.

1. Quyidagilar onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

  • onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt tashxis qo‘yish chora-tadbirlarini takomillashtirish, saraton kasalliklarini barvaqt aniqlashning skrining dasturlarini bosqichma-bosqich hamma joyda tatbiq etish;
  • aholining tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy yuqori texnologiyali usullaridan foydalanishini yaxshilash, onkologik kasalliklarni davolashning yuqori samaradorligiga erishish, onkologiya muassasalarining dori vositalari, reagentlar va sarflash materiallari bilan ta'minlanish darajasini oshirish;
  • yangi onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash, tibbiyot uskunalari, asboblar va inventar bilan jihozlash (to‘liq jihozlash) asosida ularning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish;