O‘zbekistonda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashkil qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan. Hujjat matni O‘zA saytida nashr qilindi.

Qonunga keltirilgan sharhda aytilishicha, ushbu yangi vazirlik uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik asosida ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish, ko‘p xonadonli uylarni saqlash qoidalariga rioya etilishini texnik nazorat qilish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish, aholiga sifatli uy-joy kommunal xizmatlari ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, shuningdek, uy-joy mulkdorlari shirkatlarining barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash maqsadida tuzilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 4 mingdan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati 32,4 mingdan ortiq ko‘p xonadonli uylarga xizmat ko‘rsatmoqda. Uy-joylarni, avvalo, ipoteka krediti asosida qurish va rekonstruksiya qilish ko‘lami kengaymoqda. Bu o‘tgan davr mobaynida aholi nufuzi muttasil o‘sib borishiga qaramasdan aholini uy-joy bilan ta'minlash darajasini kishi boshiga 1991 yildagi 12,4 kvadrat metr o‘rniga o‘rtacha 15,2 kvadrat metrga yetkazish imkonini berdi. 

Uy-joy kommunal sohasining bugungi holatini tahlil qilish asosida zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan qator muammolar mavjudligi aniqlandi. Joylardagi ijro hokimiyati organlari xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlari faoliyatini yetarlicha muvofiqlashtirmayapti. Ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanish borasida kompleks yondashuvning yo‘qligi aholiga sifatli va kafolatli kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga to‘siq bo‘lmoqda va uy-joy mulkdorlarining haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. 

Ko‘p xonadonli uy-joy fondini tegishli darajada saqlashni nazorat qilish tashkil etilmagan, ko‘p hollarda uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish va unda aholining xavfsiz yashashi bo‘yicha belgilangan talablar buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Bino va inshootlarni ta'mirlash-tiklash ishlarini bajarishga oid qoida va muddatlarga rioya etilmayapti, eski uylarni buzish bo‘yicha ishlar olib borilmayapti, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarning holati sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena me'yorlariga to‘liq javob bermaydi. 

Aholi sifatli ichimlik suvi va markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti bilan yetarli darajada ta'minlanmayapti.