Bu prezidentning 2026-yil 22-sentabrdagi «Yoqilği-energetika tarmoğini yanada rivojlantiriş çora-tadbirlari töğrisida»gi PF–202-son farmonida belgilandi.

Hujjatga muvofiq, energetikada davlat boşqaruvi va xususiy sektor faoliyati çegaralari aniq belgilanadi. Energetika vazirligining tarmoq korxonalari va isteʼmolçilarga şartnomaviy, xizmat körsatiş hamda boşqa xöjalik munosabatlari böyiça individual tusdagi ruxsatnomalar beriş amaliyoti bekor qilinadi.

Energetika bozorini rivojlantiriş va tartibga soliş agentligiga elektr energiyasi bilan bir qatorda tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminotida ham bozor tamoyillarini bosqiçma-bosqiç şakllantiriş va tartibga soliş vazifalari yuklatildi.

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanişni nazorat qiliş inspeksiyasi faoliyatida qoidabuzarliklarning oldini oliş, profilaktika va xavflarni erta aniqlaşga qaratilgan nazorat modeli qöllanadi.

2050-yilgaça energiya taʼminoti rejalaştiriladi

Farmonda 2026-yil yakuniga qadar isteʼmolçilarni 2050-yilgaça yonilği-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlaş konsepsiyasini tasdiqlaşga oid hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritiş belgilangan. Konsepsiya tasdiqlanganidan söng eʼlon qilinadi va har beş yilda yangilab boriladi.

Unda aholi sonidagi özgarişlar, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining uzoq muddatli ehtiyojlari hisobga olinadi. Şuningdek, qayta tiklanuvçi energiya, energiya saqlaş tizimlari va atom energetikasini rivojlantiriş istiqbollari qamrab olinadi.

Bundan taşqari, energiya resurslariga talabning uç yillik prognozlari, isteʼmolçilarni taʼminlaş böyiça uç yillik rivojlantiriş rejasi va istiqbolli investitsiya loyihalarining uç yillik rejasi işlab çiqilib, har yili yangilanadi.

Investitsiya loyihalari uçun oçiq tanlovlar

Investitsiya rejasidagi loyihalarning tanlov hujjatlari oçiq eʼlon qilinadi. Loyihani amalga oşiruvçi tanlov asosida aniqlanadi, zarur yer uçastkalari esa qonunçilikda belgilangan tartibda ajratiladi.

Investorlar bilan töğridan töğri muzokara olib boriş, loyihalar doirasida individual imtiyoz va preferensiyalar beriş hamda rejaga kiritilmagan loyihalarni boşlaş qatʼiy taqiqlanadi.