1797 yil 12 may kuni Venetsiya Respublikasi yo‘qlikka singdi. Xo‘sh, bu davlat va kompaniyangiz o‘rtasida qandaydir umumiy jihatlar bormi? Bu haqda Harvard Business Review kolumnisti Pero Formika kolonkasida chiqish qildi.
Aksariyat tashkilotlar Venetsiya Respublikasi singari uzoq vaqt mavjud bo‘lishni orzu qilishadi. Eramizning 697 yilidan 1797 yilga bo‘lgan davr orlig‘idagi texnologik yutuqlar, geografik joylashuvi va fuqarolarning noan'anaviy fikrlashi Shavkatli Respublikaning gullab-yashnashini ta'minlab kelgan. Biroq o‘zgarishlar qo‘qqisdan bostirib kelsa, ular kuchli jihatlarni ham zaiflikka aylantirishi, ming yillik tarixga ega muvaffaqiyatlarni ham yo‘qqa chiqarishi mumkin ekan.
Harbiy texnologiyalar va shaharning o‘sha vaqtlardagi asosiy savdo yo‘llari kesishmasidagi strategik jihatdan muhim joylashuvi Venetsiyaga biri birini to‘ldiruvchi bir necha ustunliklarni taqdim etgan edi. Qurol-yarog‘lar, boshqalarning hali tushiga kirmagan paytlar, ulardan bir necha asr avval flot uchun ilg‘or aslaha-anjomni seriyali ishlab chiqaruvchi fabrika — Arsenal — Venetsiyaning harbiy-dengiz sanoatining yuragi edi. XIII asrdan boshlab bu yerda kema yasashda ijodiy yondashishga intilib, innovatsiya va ishbilarmonlik rag‘batlantirilar edi.
Shaharning geografik joylashuvi quruqlikdan ham, dengizdan ham bosqichilarning hujumidan himoya qilishda yordam berar edi. Botqoqli qo‘ltiqdagi bir necha orollardagi bu joylashuv o‘sha vaqtlar uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan savdo va ssudali iqtisodiyotni rivojlantirishga majbur qilgan, chunki qishloq xo‘jaligi yuritish uchun unumdor yer juda kam edi. Adriatika dengizining shimolida joylashgani uchun shahar muhim savdo markaziga aylangan va O‘rta Yer dengizi orqali g‘arbni sharq bilan bog‘lagan edi.
Maykl Porterning yozishicha, raqobatda ustunlik «eng kuchli bo‘g‘ini nechog‘lik kuchli bo‘lsa, shunchalik baquvvat umumiy zanjir hosil qiluvchi turli faoliyat turlari biri birini qanchalik to‘ldirishi va mustahkam qilishi»ga bog‘liq. Bu strategik muvofiqlik Venetsiyada ortig‘i bilan mavjud edi.
Biroq ko‘plab muvaffaqiyatli tashkilotlar singari, Venetsiya ham yangisini izlashdan ko‘ra, odatiy narsalarni ekspluatatsiya qilishga diqqatini ko‘proq jalb qilish damlariga yetib kelgan edi: venetsiyalik savdogarlar muvaffaqiyatga erishishning mavjud yo‘llaridan foydalana boshlashgandi. Ishbilarmonlar asrlar davomida bosilgan so‘qmoqlardan chetga chiqmaslikka qaror qilishgandi. Tadqiqotlar va aql tirishqoqligidan ko‘ra, o‘zini oqlagan amaliyotlar va afzalliklar yanada mashhurlashdi. Savdogarlar samaradorlik va optimizatsiyaga diqqat qilgancha, mavjud texnologiyaning bosqichma-bosqich yaxshilanishidan umid qilishgandi. O‘z boyligini imkon qadar ko‘paytirib olish ilinjida, ular harakat yo‘nalishini o‘zgartirish o‘rniga, imkon qadar gaz pedalini qattiqroq bosa boshlashgandi.








