Kun.uz tahririyati ayni kunda aholi murojaatlari bilan ishlashga alohida ahamiyat qaratmoqda. Imkoni boricha har bir murojaatni e'tiborga olishga harakat qilyapti. 

Elektron pochtaga kelgan ana shunday murojaatlardan birini o‘rganish uchun ijodiy jamoa bilan Toshkent shahri Mirobod tumaniga yo‘l oldik. 

Murojaat Toshkent shahri Mirobod tumani Chimkent ko‘chasi 1, 3, 5 uy hamda Buyuk Turon ko‘chasi 73 uyda yashovchi aholidan kelib tushgan bo‘lib, unda bayon etilishicha, o‘zlari yashayotgan ko‘p qavatli uylar orasiga qurilayotgan 3 qavatli savdo markazi yuzasidan shikoyat qilishgan. Aytilgan manzil bo‘yicha yetib borganimizda, aholi noroziligi bo‘yicha hokimlik komissiyasi guruhi mazkur qurilish ishlarini o‘rganayotganligiga guvoh bo‘ldik. Ammo negadir bizni aholi bilan muloqot qilishimizga norozi kayfiyatda bo‘lishdi va hamda turli vajlar bilan qarshilik qilishdi. 

Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari sayt jurnalistlaridan videokamerani o‘chirishni, hujjatni ko‘rsatishni talab qilib, ijodiy guruh xodimlariga sensirab murojaat qildi. “Rasmiy ruxsati yo‘q, olib chiqib ketinglar”, deb huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlariga yuzlandi. Aftidan, hokim o‘rinbosari xalq murojaati asosida voqea joyiga chiqib, vaziyatni o‘rganish maqsadida bo‘lgan jurnalistga hech qanday tashkilotdan ruxsat olish talab etilmasligini bilmaydi chog‘i.

Umuman olganda qiziq savol tug‘iladi. Aholi manfaatlarini ko‘zlagan komissiya nega bunchalik ijodiy guruhning kelishidan norozi. Komissiyaning vazifasi nima? Xalq bilan uchrashishimizga qarshilik qilgan Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari Alisher Nabiyev komissiya a'zosimi yoki komissiyaga hamrohmi. Nega bunchalik ommaviy axborot vositasi faoliyatidan bezovta bo‘lmoqda? Bu savollar hozircha jumboq! Muhimi aholi bilan muloqot qila oldik. 

“Bizning e'tirozimiz shunday. Bu yerda guzar qurilmoqda, guzarga hech qanday e'tirozimiz yo‘q edi. 4 ta uy to‘g‘risida qurilish ketmoqda. Kun issiq, ekologiya og‘ir. Juda katta daraxtlarni kesib tashlashdi. Bu yerga tushib biroz dam olardik. Endi hamma joy tuproq, chang. Bu masala bo‘yicha juda ko‘p joyga murojaat qildik. Hokimiyatga uch marotaba, Prezident devoniga, Xalq qabulxonasiga ikki marotaba bordik. Biroq, hech narsa o‘zgarmadi. Ular qurilishni to‘xtatmayapti. Qurilish kechasi bilan davom etadi. Ertalab yana soat 6dan beri ishlashadi. Bu yerga na yong‘in xizmati mashinasi, na tez tibbiy yordam mashinasi kira oladi. Komissiya o‘zi bugun keldi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.