Fan-texnika | 00:01 / 26.07.2017
17333
3 daqiqa o‘qiladi

Ilk suzuvchi shamol elektrostansiyasi yaratildi (foto)

Shotlandiyaning shimoli-sharqiy qirg‘oqlarida, Piterxed shahri yaqinida 20 ming xonadonni elektr energiya bilan ta'minlashga qodir Peterhead shamol elektrostansiyasini o‘rnatish ishlarining yakunlovchi bosqichlari boshlandi. Hozirda Hywind quvurlaridan 5 tasidan bittasi yetkazib berildi, qolgan 4 tasi Norvegiya fordlarida bo‘lib, transportirovkalashga tayyorlanmoqda. Turbinalar ishlab chiqaruvchi Statoil kompaniyasining (Norvegiya) ta'kidlashicha, suzuvchi energiya generatorlari quvvati bo‘yicha o‘zining statsionar muqobillariga teng yoki hattoki ulardan oshadi. 

Suzuvchi generatorlarning konstruksiyasi ulkan qalqalarni (poplavok) eslatadi: suv sirtida 175 metrli minora qad ko‘tarib turadi, generatorning umumiy balandligi esa 253 metrni tashkil qiladi. Bitta minoraning og‘irligi 11,5 tonna bo‘lib, turbinaning energiya generatorlari quvvati 6 MVt ga teng. Shamol stansiyasi minorasini bir joyda ushlab turish uchun dengiz tubida bir kilometr chuqurgacha mahkamlab qo‘yiladigan 3 ta langarli trosdan foydalaniladi. Statoil kompaniyasi uzunligi 75 metr bo‘lgan parraklarning hujum burchagini o‘zgartira oladigan maxsus dasturiy ta'minot o‘rnatgan. Bunday texnologiya nafaqat shamol kuchini samarali qo‘llash, balki dovullar, to‘lqin va oqim oqibatida yuzaga keladigan tebranishlarni ham kamaytirishga imkon beradi.  

Yaqin haftalarda barcha 5 ta trubina Piterxed shahridan 25 kmda joylashgan o‘zining doimiy joyiga yetkaziladi. Ushbu joy o‘zining uncha chuqurmasligi (120 metrgacha), shamolning o‘rtacha yillik tezligi yuqoriligi va barqarorligi (10,1 metr/soniyaga yetadi) sababli tanlangan. Shamol stansiyasi ishlab chiqaradigan umumiy quvvat 30 MVt ni tashkil qiladi.  

Oxirgi vaqtlarda suzuvchi elektrostansiyalarning narxi jadal arzonlashmoqda, bu ularni statsionar stansiyalarga qaraganda ommaviylashuviga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga suvdagi ilk suzuvchi shamol elektrostansiyasini barpo etish xarajatlari shunday obektni quruqlikda qurishdagidan 2 marta ko‘proq bo‘lib, 190 mln funt sterlingni tashkil qildi. Ushbu loyihani amalga oshirish imkoni Shotlandiya hukumati tomondan moliyalashtirilish evaziga paydo bo‘ldi. Ayni vaqtda Shotlandiya hukumati yana bitta suzuvchi shamol elektrostansiyasini qurish loyihasini ma'qulladi. Uning tarkibiga Germaniyaning Senvion kompaniyasining 8 ta turbinasi kiradi.  Stantsiyaning umumiy quvvati 48 MVt ni tashkil qiladi va 2018 yilda ishlay boshlaydi.

Jonzotlarni himoya qiluvchi ba'zi tashkilotlar suzuvchi shamol elektrostansiyalariga qarshi chiqmoqdalar, Ularning fikricha, ulkan turbinalar minglab qushlarning nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Biroq hattoki ularning o‘zlari bu raqamlar rasmiy statistika bilan tasdiqlanmaganini tan olmoqdalar.

Mavzuga oid