Jamiyat | 10:00 / 03.08.2017
51537
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim qanday talablarga javob berishi kerak? 

Foto: O‘zA

Xalq ta'limi vazirining “Maktabgacha ta'limga qo‘yiladigan davlat talablarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 18.10.2013 yilda tasdiqlangan maktabgacha ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari kuchini yo‘qotdi.

Yangi davlat talablari:

•  davlat maktabgacha ta'lim muassasalari;
•  nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari;
•  qisqa muddatli guruhlar;
•  7 yoshgacha bolalar mavjud bo‘lgan mehribonlik uylari va bolalar shaharchalariga nisbatan tatbiq etiladi.

Quyidagilar Davlat talablarining vazifalari hisoblanadi:

•  bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlash;
•  bolalarda o‘qishga qiziqishni hamda o‘qishga intilish hissini uyg‘otish;
•  bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun integral ta'limni tashkil etish;
•  shaxsga yo‘naltirilgan ta'lim-tarbiyani amalga oshirish;
•  bolalarni xalqimizning an'analari asosida tarbiyalash uchun shart-sharoitlar yaratish;
•  bolalarni maktabda o‘qishga tayyorlashda ularning ota-onalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish hamda ota-onalarga amaliy jihatdan ko‘maklashish;
•  bolalarda ijtimoiy-kommunikativ, axloqiy, estetik sifat va salohiyatlarni uyg‘otish hamda rivojlantirish;
•  bolalarni sog‘lom turmush tarzi bilan tanishtirish;
•  bolalarda mustaqillik, mas'uliyatlilik, tashabbuskorlik xislatlarini shakllantirish.
 
Davlat talablari asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha har bir yosh guruhi uchun indikatorlar to‘plamini namoyon etadi:

•  jismoniy rivojlantirish va madaniy-gigiyenik ko‘nikmalarni shakllantirish (yirik va mayda motorika, sensomotorikani rivojlantirish, madaniy-gigiyenik ko‘nikmalarni shakllantirish );
•  ijtimoiy-kommunikativ rivojlantirish(ijtimoiylashuv, muloqot va odob-axloq qoidalarini shakllantirish, bolaning oila va jamiyatda o‘zini tutishi,bolada mehnat tarbiyasini, xavfsizlik asoslarini shakllantirish);
•  nutq, savod, o‘qish va chet tillarining o‘rgatilishiga tayyorlash;
•  bilish jarayonini rivojlantirish(dunyo haqida bilim va tushuncha berish, elementar matematik tasavvurlarini shakllantirish);
•  badiiy adabiyotlar bilan tanishtirish (badiiy estetik, musiqiy ko‘nikmalarni rivojlantirish).
 
Indikatorlar turli yosh guruhlari uchun tasdiqlanadi: 2 yoshdan 7 yoshgacha (qadam – 1 yil). Ilgari qator talablar 6 oydan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarning tarbiyaviy jarayoniga nisbatan amal qilgan. 
 
Hujjat davlat tilida rasman e'lon qilingan va 24.07.2017 yilda kuchga kirdi.

Mavzuga oid