O‘zbekiston | 17:47 / 04.08.2017
68711
10 daqiqa o‘qiladi

Oliy ta'lim tizimini yakson qilish bo‘yicha diversion dastur

Illyustrativ foto

Belarusning Obrazovanie.by saytida 2013 yilda Dmitriy Sandakov muallifligida e'lon qilingan ushbu kinoya maqolada oliy ta'lim ravnaqi ildizga bolta uruvchi holatlar va illatlar sanab o‘tilgan. Ushbu maqolani e'lon qilishimizdan maqsad — mutasaddilarimiz va mushtariylarimizning ham diqqat e'tiborini masalaga birrov qaratish.

Men qisqa mazmunda qanday qilib oliy ta'lim muassasasidagi ta'lim tizimini parchalab, uni «nogiron» qilib qo‘yish haqidagi gapirib o‘tmoqchiman. Bu dastur kimga va nima uchun kerak ekanligi haqida quyiroqda suhbatlashamiz.

Xullas, ta'lim tizimida asosiy o‘rin «yuqoridan pastga» tamoyili asosida ishlab keluvchi kadrlar masalasida qolar ekan, men ham oliy ta'lim muassasasi ko‘rinishida dasturning yetti bosqichini yoritib berishga harakat qilaman.

1. Ijodkor va ilhombaxsh o‘qituvchining intilishlarini so‘ndirish lozim

Umumiy g‘oya: Har davrda ko‘p ta'kidlangani kabi «kadrlar barcha masalani hal qiladi». Har bir ta'lim muassasasida hali hanuz yangilikka intilgan, ijodkor va g‘ayratli pedagoglarni topish mumkin. Kam sonli qolgan bu turdagi o‘qituvchilar o‘z ishlarini oylik maosh ilinjida yoki qo‘rquv iskanjasida emas, balki qiziqqanidan, kasbini hurmat qilib, sevganidan bajaradi. Qanday qilib ularning shijoatini yo‘q qilish mumkin? Shunchaki o‘qituvchini tahqirlash lozim. Uni shunday xafa qilish kerakki, umrini baxshida etgan tizimga nisbatan mehr qolmasdan, hafsalasi pir bo‘lsin. Odatda adolatsizlikka chiday olmagan insonning irodasi o‘ta kuchli bo‘lmaydi, u mug‘ombirlik qila olmaydi.

Harakat rejasi: Kishining jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va mehnat qadrini unga to‘lanayotgan maosh bilan o‘lchash mumkin. Pedagog uchun to‘lanadigan pul shu darajada past bo‘lishi kerakki, u muhtoj va qashshoq inson singari turmush qiyinchiligiga sho‘ng‘ib ketsin. Avvalgi ijodkorlik va intiluvchanlikdan asar ham qolmaydi. Qo‘shimchasiga ish sharoitida noqulayliklarni ko‘paytirish lozim: printer yo‘q, qog‘oz yetishmaydi, qahvadan gap ham ochmaymiz.

2. Ustozlarning obro‘sini to‘kib, maqomini tushirish kerak

Umumiy g‘oya: Dasturda tushuntirilgan birinchi bosqichning mantiqiy davomi sifatida navbatdagi «quyonlar»ni otamiz. Endilikda talabalar oldida qo‘lidan hech ish kelmaydigan, omadsiz va qashshoq «domla» obrazini yaratamiz. Ish joyidagi sharoitini tiklash uchun o‘qituvchi talabasidan qog‘oz so‘rasin, darsliklarni chop etib berishini iltimos qilsin. Talabalar esa ro‘parasida avtobusda ishga kelib, piyoda ketadigan o‘qituvchisining qanday rahbar bo‘lish odobi to‘g‘risidagi ma'ruzasini tinglasin.

Harakatlar rejasi: Dasturning birinchi bosqichiga qaralsin!

3. O‘quv jarayonida qog‘ozbozlikni kuchaytirish belgilansin

Umumiy g‘oya: Harbiylarning bir mantig‘i bor: askarning xayoliga ahmoqona fikr kelib qolmasligi uchun u doimo band bo‘lishi lozim. Nima ish qilishi muhim emas, u band bo‘lsin. Ta'lim berayotgan o‘qituvchining ham boshiga yorqin fikrlar kelib qolmasligi uchun u band bo‘lishi kerak. Menimcha o‘qituvchini dalaga olib chiqib ishlatish «moda»dan qoldi, boshqa narsani taklif etaman. Pedagoglarni ahamiyati past bo‘lgan qog‘ozlarni to‘ldirishga jalb etamiz.

Harakatlar rejasi: Hisobot va hujjatlarni mazmun, shakl, hajm va mavsum talablaridan kelib chiqib pedagog to‘ldirib yurishi kerak. Bu o‘qituvchi zoti bir ishni juda tez o‘zlashtirib oladi, demak qog‘oz to‘ldirish ham qo‘l uchidagi ishga aylanib qolmasligi uchun har yili, har mavsum to‘ldirish formasini, talablarini o‘zgartirishimiz kerak. Xoh ishoning, xoh ishonmang, shuni ham uddasidan chiqa oladigan topiladi. Ular uchun dasturda belgilanmagan maxsus topshiriqlarni ilova qilib o‘taman. Ha, aytgancha ishlarni juda tezlik va bugun bajarish talabini shart qilib qo‘yaman.

4. Ta'lim jarayonida haddan tashqari erkinliklarni joriy etish kerak

Umumiy g‘oya: Inson yangilikni o‘rganishda ichki qarshilikni yengib o‘tishi lozim. Talaba belgilangan o‘quv yuklamasini bajara olmasa o‘qituvchi uni jazolashga haqlidir. Afsuski, bu tizimga ijobiy ta'sir etishi mumkin. Men bu harakatlarning aksini taklif etaman. O‘qituvchi quloqsiz, betarbiya va dangasa talabalariga nisbatan munosabat bildirishda, jazo belgilashda chegaradan chiqib ketmasin.

Harakatlar rejasi: Rasman yoki noformal ko‘rinishda talabalarning darslarga qatnashini nazoratga olmasdan, katta erkinlik berish kerak. Ayniqsa imtihondan yiqilgan talabalarning qayta imtihon sinovini topshirish imkoniyatini chegaralamaslik, talabalar safidan chiqarmaslik lozim. Umuman olganda «domla»ning akademik jazo qo‘llash huquqini olib qo‘yib, bunday yurisdiksiyani boshqa shaxslarga o‘tkazish lozim.

5. Intellektual muhitni yo‘qqa chiqarish darkor

Umumiy g‘oya: OTMda ilmiy muhitni yaratish, undagi ma'ruza va seminar mashg‘ulotlardan ko‘ra muhim vazifa hisoblanadi. Shuning uchun dunyoning yetakchi ta'lim muassasalari Nobel laureatlari, yozuvchi va siyosatchilarni, kompaniya asoschilarini o‘z maskaniga tashrif etishga undaydi. Shunchaki taniqli matematik olimning universitet bog‘idagi o‘rindiqda o‘tirishi uchun ham pul to‘lashga tayyor OTMlar mavjud. Ilmiy muhitni shakllantirish va yaratish muhimligidan pedagoglar turli konferensiya, uchrashuvlarga oshiqadi.

Men taklif etayotgan g‘oya quyidagicha: ilmiy muhitni arzimas o‘zgarish bilan barbod etamiz.

Harakatlar rejasi: Bunday murakkab vazifani ado etish uchun kichik bosqichlar tizmasini birlashtirib chiqamiz. Avvalo, OTMda o‘qish istagini bildirgan barcha uchun muassasa eshiklarini lang ochib qo‘yamiz! Kirish imtihonlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan har qanday «tadbirkorlik» dasturimiz foydasiga ishlaydi.

Boz ustiga, OTM mustaqil o‘z talabalarini tanlay olmasin. Aks holda “oshqovoq”larsiz bu joy gullab ketadiku. Shuningdek, darsliklar va ularni o‘qitish uchun behuda vaqtni majburiy ravishda joriy etamiz. Sayoz fikrlovchi, tanbal va dangasa talabalar (ularni jazolash ham mumkin emas) sof raqobatni yo‘qotib, turg‘unlikka qadam qo‘yadi. Ta'limga katta ta'sir o‘tkaza olmaydigan tadbirlar, ya'ni QVZ, go‘zallik tanlovlari, oshpazlik bellashuvlari rivojlanib boradi, oqibatda ta'lim va ijtimoiy faollik ikki xil yondashuvga ega, turli jabhalarga aylanadi.

6. Ta'lim jarayonini boshqaruvchi rahbar kadrlar ustida bosh qotirish lozim

Umumiy g‘oya: OTMdagi rivojlanish ortga tortib turish uchun undagi rahbarlarning ham hissasini hisobga olaylik, axir. Shunday ekan ma'rifatdan yiroq, boshqa soha vakillarini jalb qilamiz.

Harakatlar rejasi: Kimlarni rahbar etib tayinlash kerak? Birinchidan, o‘z mansabi va obro‘sidan o‘zgalar oldida foydalanmaydigan, kamsuqum kishilarni topish kerak. Ikkinchidan, «puxta xo‘jalik faoli» kerak, tizimni bus-butun tasavvur eta oladigan emas. Uchinchidan, iqtidor va yutuqlari kam bo‘lganlarni olib kelamiz, shu bilangina kutilmagan tashabbuslarga chek qo‘yiladi. Eng muhimi giperfaol, agressiv, manfaatparast va ishlarni muvofiqlashtirib turuvchi inson kerak.

7. Niqoblash!

Umumiy g‘oya: Ta'lim tizimini yakson qilish borasidagi Dasturim tanqidga uchramasligi uchun uni niqoblash kerak. Yolg‘on gapirganda ham kattaroq bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy psixologiyaning tasdiqlashicha, yolg‘on qanchalik katta va ko‘p takrorlansa, unga ishonch paydo bo‘ladi.

Harakatlar rejasi: Birinchidan, OAVda to‘xtovsiz modernizatsiya, innovatsiya, bolonizatsiya va shu kabi rivojlanish terminlari haqida lavhalarni ko‘rsatib borish kerak. Bu lavhalarni kuchlantirish uchun alohida kishilarning muvaffaqiyati, olimpiada, tanlovlarda g‘olib bo‘lgani haqida balandroq gapirish so‘raladi. Shu bilan butun bir tizimning muvaffaqiyati baholanib kelinishi mumkin.

Ikkinchidan, jamoatchilik diqqatini ikkilamchi omillarga tortish kerak. Masalan, baholash tizimida beshlikdan o‘nlikka o‘taylikmi? O‘qish davomiyligini to‘rt emas, besh qilaylik yoki yetti emas, olti yil bo‘lsin, degan gaplar shular jumlasidan. Rang-baranglikni ta'minlash uchun bir sohada bakalavriat joriy etib, keyin uni yana bekor qilish kerak.

Dastur faoliyatiga doir qo‘shimchalar:

Mazkur dastur 5-10 yillik reja asosida faoliyat olib boradi. Belgilangan muddat tugagach, (talabalar o‘qishni tamomlab, o‘z faoliyatini boshlashi bilanoq) tizim organik jihatdan mustaqil yashab keta oladi.

P.S.: Men tuzib chiqqan Dastur yoqmasa, agar ta'lim tizimini rivojlantirish istagi bo‘lsa, uni teskarisi qiling!

Sandakov D.B.

Mavzuga oid