Jamiyat | 12:04 / 22.08.2017
22930
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yigit AQShdagi filmlar tanlovida g‘olib bo‘ldi

AQShning Los-Anjyeles shahrida an'anaviy HollyShorts filmlar festivali o‘tkazilmoqda. Bu tadbirda 40 daqiqa va undan kamroq hajmda bo‘lgan filmlari bilan butun dunyodan kinoijodkorlar ishtirok etishadi.

Festivalga 30dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha ishlar qabul qilinadi. Unda ijodkorlar nafaqat o‘z ishlarini namoyish qilishadi, balki bir-birlari bilan tanishishlari, tajriba almashishlari va kelajakda hamkorlik qilishlari uchun turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Ushbu festivalda O‘zbekistondan Anvar Madraimov ham qatnashdi. U 1995 yilda, Toshkent shahrida tavallud topgan va 2013 yildan beri Nyu-York kino akademiyasida tahsil oladi.

HollyShorts filmlar festivalida esa Anvar o‘zining 20 daqiqalik A Birthday Card — «Tug‘ilgan kun otkritkasi» filmi bilan ishtirok etib, Best Youth — «Yoshlik yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi film» muallifi deb topildi.

Film treylerini IMDb kinolar tarmog‘i saytida tomosha qilish mumkin. To‘liq versiyasi esa yaqin orada internetga joylanadi.