26 yoshli aktyor, Sergey Bezrukov rahbarligidagi teatrda ishlovchi Aleksey Yarmushchik 28 iyul tongida o‘z instagramida RF prezidenti Vladimir Putinga murojaat yozilgan videoni e’lon qildi. U Putin – uning prezidenti emasligi, Qrim – «bizniki emas»ligini aytgan. Yarmushchikning videosi internetda virusdek tarqaldi va ikki kunda bir yarim milliondan ortiq ko‘rildi, postga 65 mingdan ortiq kishi layk bosdi.

U nimalar degan?

«Men hozir uxlay olmadim, men sizga aytmoqchiman: men har kuni, har tun siz bilan xayolan gaplashaman», – deydi aktyor Putinga yo‘llagan murojaatida.

«Men siz mening prezidentim bo‘lishingizni istamayman. Hech qachon. Men 25 yoshdaman (iyun oyida Yarmushchik 26 yoshga to‘lgan)! Sizdan qo‘rqmaydigan, siz prezidenti bo‘lishingizni istaydigan birorta tengdoshim yo‘q. Hozir o‘zim bilgan, internetda uchratgan barcha ijodkorlarni eslayapman. Birgina Shaman (Yaroslav Dronov, Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlashi bilan tanilgan qo‘shiqchi)! Barcha xorijiy agentlarga qarshi bitta Shaman», – deya davom etadi Yarmushchik.

U yana bir bor Putin o‘zining prezidenti bo‘lishini xohlamasligini takrorlab, uni «butun hukumatni tarqatib yuborish»ga chaqiradi.

Men siz mening prezidentim bo‘lishingizni istamayman. Butun hukumatni tarqatib yuboring! Televizoringizni ko‘rishni xohlamayman. O‘z qo‘shiqlarimni eshitishni xohlayman. Men «VK»dan foydalanishni xohlamayman, Instagramdan foydalanishni xohlayman, chunki u yaxshiroq. Ha, men zumerman, saylovlarga kam borganman, umuman siyosatga e’tibor bermaganman. Ammo 14 yoshga to‘lganimda, ingliz tili darsiga keldim va o‘qituvchim eng yaqin do‘sti bilan Qrim tufayli janjallashib qolganini aytdi... Men Qrimni bizniki deb hisoblamayman. Va bu qandaydir buyuk ibora emas. Birorta tengdoshim bunday deb o‘ylamaydi. Agar bir vaqtlar odamlar shunday deb hisoblagan bo‘lsalar, hozir... Nima deyishni ham bilmay qoldim. Instagram lentamdagilar, barcha tanishlarim yo ketishmoqda, yoki shokda, yoki shunchaki bu haqda gapirishmaydi. Sizni prezident sifatida yaxshi ko‘radigan va hurmat qiladigan bu odamlar qayerdaligini bilmayman.

Siz – mening prezidentim emassiz. Aytmoqchi bo‘lgan gapim shu. Xayrli tun.

Ko‘p o‘tmay aktyor boshqa videosida «hukumatni yoqtirishi va Putinni hurmat qilishi»ni aytib chiqdi

Bir necha soat o‘tib Aleksey Yarmushchik navbatdagi videoni e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, onasi unga hech narsani tushunmasligini va Putin mamlakat uchun «ko‘p ish qilgani»ni aytgan. Shuningdek, odamlarning izohlarini o‘qib bergan, uning nuqtayi nazariga qo‘shilmaydigan bu odamlardagi «mehribonlik uni hayratga solgan».