Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Girs Yaunzems hamda mingdan ortiq o‘zbekistonlik faoliyat yuritayotgan Latviyaning yirik transport-logistika kompaniyalaridan biri - Kreiss rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Latviya tomoni haydovchilarni ushbu mamlakatga jo‘natishdan avval ularni latviyalik mutaxassislar ishtirokida O‘zbekistonda tayyorlash hamda Latviya haydovchilik guvohnomasini olish uchun zarur sinovlarni shu yerning o‘zida tashkil etish uchun Migratsiya agentligidan o‘quv poligoni, sinf xonalari hamda zarur infratuzilmani yaratishda amaliy ko‘mak so‘radi.

Bu orqali haydovchilar Latviyaga borgach bir oydan ortiq davom etadigan majburiy tayyorgarlik kurslarini o‘tash ehtiyoji kamayadi. Natijada ishni tezroq boshlash, ortiqcha xarajat va vaqt yo‘qotishning oldi olinadi.
Shuningdek, kompaniya maqsadli tayyorlangan mutaxassislarning mehnat shartnomasiga qat’iy rioya qilishi muhimligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ayrim hollarda xodimlarni tayyorlashga sarflangan mablag‘larga qaramasdan, ularning boshqa ish beruvchilarga o‘tib ketishi tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Kreiss kompaniyasi o‘quv-sinov markazi uchun texnik talablarni taqdim etadi, Migratsiya agentligi Toshkent viloyatida poligon va zarur infratuzilmani joylashtirish imkoniyatlarini ishlab chiqadi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasida hukumatlararo kelishuv loyihasi tayyorlanadi.











