«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati «Tolimarjon IESni 450 MVtlik ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurish bilan kengaytirish» investitsiya loyihasini amalga oshirdi. Bu haqda «O‘zbekiston24» xabar bermoqda.
Janubiy Koreyaning Hyundai va Daewoo kompaniyalari konsorsiumi bug‘-gaz qurilmalari qurilishida ishtirok etdi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot jamg‘armasi kredit mablag‘larini jalb qilgan holda amalga oshirildi.
1 va 2-energoblokning foydalanishga topshirilishi energotizim tejamkorligini elektr energiya ishlab chiqarishga yonilg‘i sarflanishini kamaytirish hisobiga oshirish imkonini beradi va yiliga 7,2 milliard kilovatt-soat qo‘shimcha elektr energiya ishlab chiqariladi. Shuningdek, Samarqand—Buxoro elektrouzeliga energiya yetkazishda yo‘qotishlar kamayadi.
Ayni vaqtda 2022 yilgacha yana shunday quvvatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi ishlab chiqilmoqda. Bu loyihaning amalga oshirilishi IES tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiya hajmini yiliga 20,4 milliard kilovatt-soatga yetkazish imkonini beradi.











