Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash tizimining ajralmas qismi bo‘lgan yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash eng muhim davlat vazifalaridan biri sanaladi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan, haydovchi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu tariqa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hisobga olingan holda, respublika qonunchiligida transport vositasi tezlik rejimiga talablar kuchaytirildi, boshqaruv vaqtida haydovchi e’tiborini chalg‘ituvchi mobil aloqa qurilmalaridan foydalanishga, avtotransport salonida turli videotizimlarga taqiq qo‘yildi, shuningdek, haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizlik kamarini majburiy taqishi, avtotransport vositasida tibbiy yordam to‘plamining majburiy mavjudligi va ichidagi narsalar, o‘t o‘chirgich, avariyaviy to‘xtash belgisi, nur qaytaruvchi jilet bo‘yicha norma kiritildi.

Shuningdek, yo‘lovchilar va yuklarni tashish bilan shug‘ullanadigan transport vositalarining texnik holatiga bo‘lgan talablar kuchaytirildi, murakkab transport yo‘llari va kesishmalarining muhandislik yechimlari, qarama-qarshi polosaga chiqib ketishga xalaqit beruvchi ajratuvchi qurilmalar, transportning yo‘l chetidagi ariqqa chiqib ketish imkoniyatini kamaytiradigan maxsus yo‘l jihozlarining o‘rnatilishi bo‘yicha choralar ko‘rildi.

Joriy yilning mart oyidan boshlab Toshkentda kompyuterlashtirilgan yo‘l harakati xavfsizligini boshqarish tizimi foydalanishga topshirildi, uning ayrim qismlari ba’zi viloyat markazlarida amalga oshirilmoqda. Darvoqe, huquqni muhofaza qilish organlari vakillarining ommaviy axborot vositalarida qilgan chiqishlarida ta’kidlanishicha, tizim ishlashining faqatgina birinchi oyi yakuni bo‘yicha jihozlangan chorrahalarda Yo‘l harakati qoidalarining buzilishi soni bir necha barobarga kamaygan. 

Yo‘lovchilar va yuklarni tashishda YTH soni kamayganiga qaramasdan, ushbu toifadagi haydovchilar uchun YHQga rioya qilish tartibi yetarli darajada emas. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda yo‘lovchi va yuklar tashuvchi transport vositalarining haydovchilari aybi bilan 972 YTH ro‘y bergan, ularda 352 kishi halok bo‘ldi, 962 kishi jarohatlandi. Ushbu haydovchilar toifasida aniqlangan yo‘l harakati qoidalari buzilishining umumiy soni 3 890 ni tashkil qildi.

Shu bilan birga, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash tizimiga ta’sirning eng samarali shakli – bu YHQ talablarini qo‘llash va avtotransport vositalarini boshqarishning amaliy ko‘nikmalari bo‘lib, ularning asoslari haydovchilik avtomaktablarda olinadi.