Tinimsiz yoqqan yomg‘ir oqibatida kelgan kuchli sel Kattaqo‘rg‘onning "Oqsoy" mahallasidagi ko‘prikdan ham toshib ketdi. Shu kuni o‘qituvchi o‘z shogirdi bilan Samarqand shahriga borishi kerak edi. Ammo ko‘prikdan o‘tish xavfli bo‘lgani uchun o‘qituvchi yo‘ldan qaytdi. O‘quvchining esa orqaga qaytish niyati yo‘q, ustozining «Joningni xavf ostiga qo‘yma», deya baqirib qolganiga qaramasdan, daftarini kamariga qistirib, gaz quvuriga tirmashganicha soydan o‘tdi. Chunki u bu fursatni anchadan beri kutar, o‘zini ko‘rsatish, g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish uchun boshqa imkon yo‘q edi...
Joriy yilning 17 mart kuni Samarqand davlat tibbiyot instituti qoshidagi 2-son akademik litseyda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Eng yaxshi innovatsion fikrlash» ko‘rik tanlovida qiziq holat kuzatildi. Ko‘rik tanlovga muassasalarning jamoalari ishtirok etgani holda Kattaqo‘rg‘on agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining «Yosh ixtirochi» jamoasi nomidan faqat bir o‘quvchi qatnashdi. Ammo kutilmaganda o‘quvchining innovatsion g‘oyalari nafaqat hakamlar hay'atining, balki boshqa ta'lim muassasalari vakillarining ham e'tiborini tortdi. Garchi to‘liq jamoa ishtirok etmagan, hatto ta'lim muassasasidan biror o‘qituvchi kelmagan bo‘lsa-da, jamoaning «yolg‘iz jangchi»siga g‘oyalari uchun 2-o‘rin nasib etdi. Bu o‘quvchi o‘sha, toshqin vaqti quvurga tirmashib, soydan o‘tgan Yusufbek Suyarov edi.
Yusufbek Kattaqo‘rg‘on tumanining Moybuloq qishlog‘ida tug‘ilgan. Tumandagi agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejining uchinchi bosqichida o‘qiydi. Esini tanigandan buyon turli ixtirolar qilishga urinadi. Yaqinda uning hech qanday xomashyosiz elektr energiyasi yaratishga moslashgan uskunasi haqidagi maqola ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir qator olimlar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tahririyatga viloyatning turli hududlaridan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi.
Bir qarashda ixtiro juda oddiy: akkumulyatordan quvvat olgan generator elektr toki ishlab chiqaradi. Tokning ma'lum qismi iste'molga, bir qismi esa akkumulyatorni qayta quvvatlashga sarflanadi. Kerakli jihozlar qimmat bo‘lgani bois Yusufbek dastlab shu jihozlar o‘rniga o‘yinchoq mashina motori, qo‘l telefoni akkumulyatori, DVD-pleyerining ichki qismlaridan foydalandi. Keyinchalik mashina akkumulyatori va haqiqiy generatorlardan foydalanganda uskunani sinovdan o‘tkazish uchun sharoit bo‘lmadi. Hatto generatorni sovutish ham muammo bo‘lib qolaverdi. Eng yomoni, bir necha yildan buyon bu kabi turli loyihalardan bosh ko‘tarmay kelayotgan bu ixtirochiga o‘zi tahsil oladigan muassasaning e'tibori ko‘ngildagidek emasga o‘xshaydi.
2015 yil Yusufbek yosh iqtidor egalari uchun o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar haqida televizorda ko‘rib, o‘qituvchisiga «nega biz bormaymiz shunday tanlovlarga, nega bizga aytmaysizlar?» deb shikoyat qiladi. Keyinroq viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmasiga, undan keyin respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markaziga murojaat qiladi. O‘z ishlanmalarini ko‘rsatib, yordam so‘raydi. Afsuski, o‘quvchi bugungacha hech kimdan biror yordam olgan emas.






