Sport | 08:30 / 28.11.2017
13725
2 daqiqa o‘qiladi

3 basketbolchi 5 raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatdi

26 noyabrda NCAA musobaqasida AQShning Alabama shtati talabalar basketbol jamoasining “Minnesota” jamoasiga qarshi uchrashuvida antiqa holat yuz berdi. “Alabama” o‘yinni 2 kishiga kam bo‘lib yakunlashiga to‘g‘ri keldi: universitet jamoasida o‘yinchilari chetlatilgani sababli maydonga tushirishga o‘yinchi qolmadi. O‘yin qoidasiga ko‘ra, maydonda jamoalar 5 ga 5 bo‘lib o‘ynashlari lozim.

Gap shundaki, uchrashuvning ikkinchi yarmida basketbolchilar o‘rtasida janjal chiqqan. “Alabama”ning zaxiradagi o‘yinchilari maydonga chiqib, janjalga aralashishgani sababli hakam ularning barchasini maydondan chetlatgan. Shu tariqa jamoaning 7 o‘yinchisi yechinish xonasiga jo‘natilgan, jamoa ixtiyorida esa faqat maydondagi 5 o‘yinchigina qolgan.

Bu ham yetmagandek, sal o‘tib “Alabama”ning yana bir o‘yinchisi ko‘p qoida buzgani uchun o‘yindan chetlatilgan. Qoida bo‘yicha, chetlatilgan o‘yinchi o‘rniga boshqa o‘yinchi maydonga tushib, ikkala jamoa o‘yinchilari ham 5 kishidan bo‘lib harakatlanishlari kerak. Biroq “Alabama”da chetlatilgan o‘yinchi o‘rnini egallay oladigan boshqa o‘yinchi qolmagani sababli jamoa o‘yinni 4 kishi bo‘lib davom ettirishga majbur bo‘lgan. 2 daqiqadan keyin “Alabama”ning yana bir o‘yinchisi jarohat tufayli o‘yindan chiqqan.
 
Shu tariqa, bu kecha omadi chopmagan alabamaliklar uchrashuvning qolgan 10 daqiqasini 3 kishi bo‘lib yakunlashlariga to‘g‘ri kelgan. Tan olish kerak, o‘yinchilar bundan tushkunlikka tushmay, balki yanada yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishib, kamchilikda raqibning 24 ochkosiga 30 ochko bilan javob berishdi. Biroq oxir natijada ular 89:84 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Mavzuga oid