Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Oleksandr Sirskiyni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimidan ozod etishga qaror qilganini ma’lum qildi. Uning o‘rnini 43 yoshli general-mayor Mixail Drapatiy egallaydi, u shu vaqtgacha Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari qo‘mondoni lavozimida edi.

«Mixail Drapatiy bilan birgalikda yaqin va o‘rta muddatli istiqbolda qanday vazifalar amalga oshirilishi kerakligini belgilab oldim. Ukraina mudofaa kuchlarining operatsiyalari davom etmoqda va barqaror davom etishi kerak. Ukrainaning uzoq masofali sanksiyalar rejasi, bizning "midlstrayk" dasturimiz mutlaqo aniq ijro etiladi», – dedi Zelenskiy.

U o‘z bayonotida Sirskiyning iste’fosi sababini keltirmagan, ammo uning xizmatlarini e’tirof etib, u Kiyev mudofaasida, Xarkivni ozod qilishda hamda Kursk amaliyotida Ukraina uchun kerakli natijalarni ta’minlaganini ta’kidlagan.

«Bugun Oleksandr Sirskiy va Andrey Gnatov bilan xizmatning keyingi formatlarini va ishni to‘g‘ri o‘tkazishni muhokama qildik», – degan Zelenskiy va Bosh shtab boshlig‘i Andrey Gnatov ham o‘z lavozimini tark etayotganini bildirgan.

43 yoshda bo‘lgan Mixail Drapatiy, 61 yoshli Oleksandr Sirskiydan farqli o‘laroq, ofitserlik uchun sovetlar bilim yurtida – Moskvada emas, mustaqil Ukrainada o‘qigan. U 2014 yilda, Rossiyaning Donbassga «cheklangan» bosqini boshlanganidan buyon jang qilib keladi.

Tayinlov haqida e’lon qilinganidan keyin Drapatiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «Ukraina prezidentiga ishonch, mudofaa vaziriga – qo‘llab-quvvatlov, mudofaa kuchlariga – xizmatning yangi bosqichi» uchun minnatdorchilik bildirdi. «Ukrainaga xizmat qilish men uchun doimo sharaf bo‘lgan, mustaqillik uchun urush davrida esa bu mutlaq mas’uliyatni anglatadi», – deya yozgan u.

Sirskiyning iste’fosiga nima sabab bo‘ldi?

O‘tgan hafta chorshanba kuni kechqurun Ukraina prezidenti mudofaa vaziri Mixail Fedorovni iste’foga chiqarishga qaror qilgani ma’lum bo‘lgandi.

U o‘shanda o‘z qarorini Fedorov va Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Sirskiy o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgani va bu muammoni hal qilib bo‘lmagani bilan izohlagandi. Ukraina nashrlari yozishicha, Zelenskiy Oliy rada deputatlari bilan uchrashuv chog‘ida bunday holatda Fedorovni ham, Sirskiyni ham iste’foga chiqarish to‘g‘ri bo‘lishi, ammo hozir buni qila olmasligini aytgan.