O‘zbekiston | 21:18 / 29.11.2017
23526
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat departamenti O‘zbekistonda amerikaliklarga akustik hujum qilinganini rad etdi

Foto: Dailymail

AQSh Davlat departamenti Toshkentdagi elchixonadagi xizmatchilar Kubadagi kabi akustik hujumga uchragani haqidagi xabarni inkor etdi. Bu haqda departament rasmiysi Hezer Nauert o‘z tvitterida yozgan.

«Biz O‘zbekistonda bunday hodisa ro‘y berganini tasdiqlay olmaymiz», degan u.

«Departament birinchi navbatda diplomatlarning salomatligi va xavfsizligi haqida qayg‘uradi, butun dunyodagi xodimlar himoya qilinadi.

Ammo biz AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlarining birontasi Kubadagi kabi hujumga yo‘liqqani haqidagi ma'lumotni tasdiqlamaymiz», - deya qo‘shimcha qilgan matbuot kotibi.

Toshkentdagi elchixonada Kubadagi singari akustik hujum bo‘lgani haqida kun avvalida Amerika matbuotida xabarlar tarqalgandi. 

Xususan, CBS News xabarida AQSh Xalqaro Taraqqiyot agentligining (USAID) Toshkentdagi vakolatxonasi xodimlaridan biri va uning umr yo‘ldoshi sentabr oyida «akustik xurujga uchragani» va AQShga qaytgani haqida aytilgandi.

CBS News xabarida O‘zbekiston-Rossiya yaqinligi tilga olingan va Moskva bu ishda gumon qilingan.

USAID - Davlat departamenti bilan qalin hamkorlik qiladigan davlat tashkiloti bo‘lib, turli xorijiy davlatlarga yordam ko‘rsatishda vositachilik qiladi.

Davlat departamenti CBS News telekanalining shunday hodisa bo‘yicha so‘rovini rad etgan.

«Biz har bir holatni alohida muhokama qilmoqchi emasmiz. Biz USG xodimlariga dunyoning istalgan nuqtasida yordam ko‘rsatamiz. Biz o‘z xodimlarimiz tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va davolanishini ta'minlaymiz», - deyilgan Davlat departamenti matbuot xizmati xabarida.

Avgust oyida Kubadagi amerikalik diplomatlar shunday hujumlarga uchraganini tan olgandi. Shundan so‘ng, AQSh kubalik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborgandi. Havanadagi elchixonaga qasddan amalga oshirilgan xurujlarda ko‘plab kishilar zarar ko‘rgan. Bunday hujumlar odamning eshitish va ko‘rish qobiliyatini buzib, asab kasalliklari va uyqusizlik keltirib chiqaradi. Kuchli texnologiyalar orqali amalga oshiriladigan bu harakatlar ortida Rossiya turgani gumon qilinadi. Kreml bu da'volarni qat'iyan rad etib keladi.

Mavzuga oid

E`lonlar