200 dollar va 2 mln so‘m pul qanday muammolarni hal qilib berishga “yo‘naltirilgan” edi?
Tekin boylik orttirish maqsadida aldov yo‘li bilan o‘zgalar ishonchiga kirib, ularni chuv tushiradiganlar uzoqqa borolmaydi. "Buzoqning yugurgani somonxonagacha" deganlari bejiz emas. Buxoro viloyati Olot tumani “Qumkashon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi R.B. qing‘ir ishning qiyig‘i borligini bilsa-da, harom luqmadan qaytmadi, deb yozadi O‘zA.
Bir kuni u tumandagi “Xalfa” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi U.X ismli ayol uy-joy sharoitini yaxshilash niyatida ekanini eshitib qoladi. Tabiiyki, vaqt o‘tkazmasdan o‘sha manzilga yo‘l oladi.
U hech tap tortmay o‘zini Milliy xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasida yuqori lavozimda ishlayman, deb tanishtiradi. “Qishloq qurilish bank” krediti hisobidan Olot shahri hududida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan 2 qavatli uylardan birini tanish-bilishlari orqali arzon narxda olib berishi mumkinligiga U.X.ni ishontiradi.
Faqat bugina emas. “Hojatbaror” R.B. ayolni “Olot” bojxona majmuasidagi oshxonaga ishga joylashtirib qo‘yishni ham va'da qiladi. Ayol qarshisida o‘ta ketgan firibgar turganini qayoqdan ham bilsin. Hatto hujjatini so‘rashni ham xayoliga keltirmadi. Xullas, R.B. U.X.dan 200 AQSh dollari va 2 million so‘m naqd pulni aldash va ishonchini suiiste'mol qilish yo‘li orqali qo‘lga kiritdi.
R.B. kunlarning birida tumandagi “Kesakli” mahalla fuqarolar yig‘iniga yo‘l oladi. Bu gal oddiy kishi sifatida hududda yashovchi bir qizning ishonchiga kirib, o‘zini bechorahol qilib ko‘rsatadi. Onasi betobligi, davolatish uchun pul zarurligini aytib, bir hafta ichida qaytarish sharti bilan qiymati 1 million 500 ming so‘mlik bir juft tilla zirak va 500 ming so‘m naqd pulni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.
Bechora qiz chuv tushganini qarzga olingan pul turli vaj va bahonalar bilan qaytarilmaganidan so‘nggina anglab yetadi.
Ikki jabrdiydaning Olot tumani ichki ishlar bo‘limiga qilgan murojaatidan keyin firibgar qo‘lga olindi. R.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tegishli materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha Olot tuman sudiga oshirildi.
Endi 30 yoshli R.B. sud kursisiga o‘tiradi. Jinoyatga jazo muqarrarligi tayin.
Mavzuga oid
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024
Fayzulla Xo‘jayevning jiyani professor Sulaymon Inoyatov vafot etdi
14:38 / 20.11.2024