Qish mavsumi boshlanishi bilan Kun.uz tahririyatiga elektr energiyasida kuzatilayotgan uzilishlardan shikoyatlar kelib tusha boshladi. Ma'lum qilinishicha, aholi iste'moli uchun yetkazib berilishi nazarda tutilgan elektr energiyasi Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand hamda Qashqadaryo viloyatlarida rejali cheklov jadvalidan tashqari bajarilmoqda. Ya'ni, ayrim xonadonlarda surunkasiga sutkalab tok bo‘lmaydi. Ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri «O‘zbekenergo» AJ rahbariyati bilan suhbatlashdi.

«​Biz o‘tgan yilga nisbatan, ko‘proq elektr energiyasini yetkazib berish rejasini bajarmoqdamiz. Masalan, Farg‘ona viloyatiga joriy yilning 12 dekabr kuni 16,4 million kilovatt elektr energiyasi yetkazib berilgan bo‘lsa, mos ravishda o‘tgan yili viloyatga 13,7 million kilovatt energiya yetkazib berilgandi. Ammo, shuni tan olib aytish lozimki, «O‘zbekenergo» AJ bir vaqtning o‘zida ikkita katta halokatni boshdan kechirdi.

Gap shundaki, Tolimarjon IES hamda Navoiy IESda yangi bug‘-gaz qurilmasi ishdan chiqdi. Gaz filtrlovchi quvurda yuz bergan nosozlik qurilmaning ishga yaroqsiz bo‘lib qolishiga sabab bo‘ldi. Yanada aniqroq qilib aytsak, bug‘-gaz qurilmasiga gazni filtrlab o‘tkazib beruvchi moslamaning faoliyati faqat toza gaz mahsuloti yetkazib berilgandagina yaxshi ishlaydi»​, deydi «O‘zbekenergo» AJ mutasaddi vakili.

Aniqlanishicha, 13 dekabr kuni har ikkala issiqlik elektrostansiyalarga yetkazib berilgan gaz mahsulotlari tarkibida chiqindi va ish faoliyatiga ta'sir etuvchi qoldiqlar bo‘lgan. Jamiyat rahbariyatining ta'kidlashicha, IES bug‘-gaz qurilmasini gaz chiqindisidan tozalash uchun bir necha kun talab etiladi hamda stansiya faoliyatini to‘xtatib turishi shart.

«Bu qurilma va filtr orasidagi masofa 300 metrni tashkil etadi. Uning ichida turli jo‘mraklar, filtr qavatlari hamda devorlar bor. Shu boisdan har birini tozalashga uzoq vaqt ketdi. Shunday qilib, Navoiy IES 16 dekabr kuni, Tolimarjon IES esa 14 dekabr kuni qaytadan ishga tushdi», deb izoh berib o‘tdi rahbariyat.

Yangi qurilmaning o‘rnatilganini hisobga olib, moslamalarning qish mavsumiga tayyorgarligini oldindan tekshirishning imkoni yo‘qmi? Ushbu savol barchani qiziqtiradi.

«Masala boshqa jihatdan ko‘rib chiqilishi lozim, biz toza va sifatli gazni qabul qilishimiz kerak. Qolaversa, ob-havoning o‘zgarishi bilan gaz bosimida ham bir muncha farqlanish kuzatiladi. Bunda kimdir aybdor emas, shunday holat kuzatilishi tabiiy. Havo sovishi bilan gaz ham kondensatsiyaga uchraydi va shunday hol yuz berdi», deb fikr bildirdi mas'ul xodim.