Respublikaning qo‘shni davlatlar bilan strategik hamkorligini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari doirasida bir qator chegara-o‘tkazish punktlarida ham jismoniy shaxslar uchun keng shart-sharoitlar yaratilmoqda, deb xabar beradi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Xususan, Qozog‘iston Respublikasi bilan davlat chegarasida joylashgan o‘tkazish punktlarini zamon talablariga mos ravishda to‘liq rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Bularning baridan ko‘zlangan maqsad, jismoniy shaxslarning bojxona nazoratidan o‘tish tizimini yanada soddalashtirish va tezlashtirishdan iboratdir. Bu borada Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Foto: Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Ammo, bu kabi yaratilayotgan qulayliklar va shart-sharoitlarni suiiste'mol qilishga urinayotgan shaxslar ham uchrab turibdi. Ma'lumki, Davlat bojxona qo‘mitasi respublikada qonun hujjatlariga muvofiq madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi tartibi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Yaqinda mazkur kompleks xodimlari yirik miqdordagi noyob tarixiy va madaniy boyliklarning respublikadan olib chiqishga bo‘lgan urinishni bartaraf etishdi.

Foto: Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Gap shundaki, mazkur bojxona kompleksi orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro N.I.ning qo‘l yuki belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, nazorat-rentgen apparatida shubhali tasvirlar aks etdi.

Shundan so‘ng, ushbu paket xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda ochib ko‘rilganida, unda 1800-1956 yillar oralig‘ida zarb qilingan 886 dona tangalar, shuningdek ko‘rinishiga ko‘ra, ulardan-da tarixiy hisoblanuvchi 244 dona qadimiy, 1140 dona mis va 1 dona arab tilida zarb qilingan kumush tangalar borligi aniqlandi.