Bugun dunyo har jabhada shiddat bilan rivojlanib bormoqda; ma'naviyat, ilm-u fan, siyosat, iqtisod, sport... Dunyo mamlakatlarining aqlini tanigan siyosatchilari rivojlanishning har qanday turiga choh qazuvchi illatlar bilan beayov kurashmoqda. Jamiyatning ildam rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng katta “dinozavrlar”dan biri, bu - korrupsiya! Ayrim davlatlar, masalan, Xitoyda korrupsiyaga qarshi, hatto o‘lim jazosi ham qo‘llaniladi. Bundan ko‘rinmoqdaki, korrupsiya qog‘ozga o‘ralgan eng jirkanch va qabih jinoyat.

Ikki-uchta tilni mukammal bilib, oliy ma'lumotli bo‘lgan holda jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmay, bugun Amerikada taksichilik qilayotgan, ingliz tili imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qish uchun Koreya yarim oroliga borib, o‘sha yerda dengiz paromlarida mardikorlik qilayotganlar ham aynan korrupsiyadan jabr tortgan do‘stlarimiz bo‘ladi!

“Yoshlar Ittifoqi”ning tuman kengashlari va maktablardagi tarkibiy qismlariga o‘rnashib olib, “yetakchilik arqoni”ni mahkam ushlab olgan, ammo qilayotgan ishining natijasi ko‘rinmayotgan, suhbatlashsangiz na dunyoqarashi, na bilim saviyasi yetarli bo‘lmagan, bir oyda hech bo‘lmasa bitta kitobni o‘qishga ruhiy istagi bo‘lmagan yangi “to‘rachalar” ham ana shunday “jigarchilikka” burkangan korrupsiyaning haqqoniy ko‘rinishi hisoblanadi. Misol axtaraversam, yuzlab turdagi korrupsiya ko‘rinishlarini sanab bera olaman.

Biz bugun chorak asr davomida qo‘lga kiritgan ko‘plab yutuqlarimiz bilan birga juda katta “minus”larimiz ham borligini tan olyapmiz. Muhimi, ayta olyapmiz, yoza olyapmiz.

Shaxsan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘zi kamchilik va xatolarimizni qattiq tanqid qilgan holda, bunga qarshi chora-tadbirlar ko‘lamini yanada kuchaytirmoqda. Kuchli, mard siyosatchi o‘laroq maydonga kelib, korrupsiyaga qarshi kurashni boshlab yubordi. Uzoq vaqt kuttirmadi natija. Ikki kun avval mamlakatimizning futboli korrupsiyaga pichoq tortilganda nimalarga qodirligini ko‘rsatdi. Juda qisqa vaqt ichida, men ishonaman, futbolchilarimiz jahon arenalarini zabt etadi. Chunki qilinishi kerak bo‘lgan ish endi qilindi.

28 yanvar kuni prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifida bu yutug‘imiz haqida shunday dedi: “Futbolchi bolalarimiz korrupsiyasiz adolat bilan qanday natijaga erishish mumkinligin ko‘rsatib berishdi. Osiyo chempionatida qatnashgan terma jamoadagi bolalar jaydari bolalar. Birortasining ortida tanishi yo‘q”.

Bugun xuddi shu jaydari futbolchilarimiz kabi Vatanga sadoqatli, ong-tafakkuri baland, bilimli, ammo “tankasi yo‘q” yoshlarimiz juda ko‘plab topiladi yurtimizda. Faqat ularga yo‘l ochish va qo‘llab-quvvatlash zarur. Natija esa uzoq kuttirmaydi!