Ukraina beşinçi yilki uruş holatida. Asrimizda heç bir davlat bunçalik uzoq vaqt uruş holatida bölmagan. Lekin şunday qiyin damlarda, odamlar amallab jon saqlayotgan, har kuni yuzlab yoş yigitlar mustaqillik uçun kuraşda jon berayotgan kunlarda ham mulozimlar davlatni ömarişdan çarçamayapti.
Ukraina azaldan eng korrupsiyalaşgan davlatlar qatorida tilga olinadi, yevropaliklar ham aynan şu sabab Kiyevni Yevropa Ittifoqiga qöşişga ikkilanib turibdi. Yevropadagi şeriklar talabi bilan taşkil etilgan NABU milliy aksilkorrupsiya byurosi yana bir şov-şuvli korrupsion iş oçdi.
Prezidentdan ham mustaqil işlaydigan idora Ukraina boş prokuraturasi mulozimlari markazida bölgan navbatdagi işga «Karfagen» deb nom berdi. Unga köra, boş prokuror örinbosari odamlarni aldab pulini olgan koll-markazlarni pul evaziga himoya qilib kelgan.
Nima gap özi?
Ukraina boş prokuraturasi mulozimi xalqaro huquqiy hamkorlik departamenti rahbari örinbosari Sergey Kropiva bu galgi operatsiya markazida. U işni xotinimi, öynaşimi xullas Yelizaveta Ivaxnenko degan ayol orqali boşqargan. Jinoiy guruh ukrainlarni aldab pulini oliş bilan şuğullangan koll-markazlarni himoya qilgan, prokuratura mulozimi ularga «puştipanoh» bölgan. Siz yaxşi tuşunadigan rusça jinoiy jargonda aytganda, «krişovat» qilgan.
Ikkovlon 2 million dollar atrofida pora olişda gumonlanmoqda. Ularning NABU eʼlon qilayotgan telefon suhbatlarini eşitsangiz, hayratdan yoqa uşlaysiz. Işda «Muza» va «Qiroliça» deb tilga olingan Yelizaveta boş prokuraturadagi sevgilisiga uni tezroq kattaroq işga, masalan taʼlim vaziri örinbosarligiga joylab qöyişni söragan. Taʼlimdan öğirlaş oson ekanini bu uçiga çiqqan poraxörlar juda yaxşi biladi axir. Hamma yerda ham taʼlim tizimi öğrilik qiliş uçun eng qulay joylardan.
Yana bir suhbatda ayol biznesdagi şerigi Instagram'dan barça rasmlarni öçirişni söraganidan noligan. «U rasmlarda men «Porşe», «Loro Piana», «Mimi» bilan köringanman, tuşunyapsanmi? Şuba arzon turmasligini ham bilib qolişlari mumkin. Nima endi, qimmat zanjirlar, qimmat soatlar taqmasligim kerakmi?» degan «beçora» ayol.
Boş prokuror qoçdi
NABU oçgan bu işning oxiri katta ehtimol Ukraina boş prokurori Ruslan Kravçenkoga borib taqalardi. Lekin prezidentdan mustaqil işlaydigan NABUçilar bunga ulgurişmadi. Ötgan yili Ukraina tarixida eng erta 35 yoşda boş prokuror bölgan Kravçenko göyoki «Parijga mehnat safari bilan borişni» bahona qilib, Ukrainadan juftakni rostladi.







