Tahririyatimizga Jizzax viloyati Zomin tumani markazida joylashgan qadimiy «Qo‘rg‘ontepa» qal'asini saqlab qolishni so‘rab, tumandagi tarixchilar murojaat qilishdi. Biz Kun.uz jurnalistlari — s'yomka guruhi voqea bilan yaqindan tanishish uchun Zomin shahriga yo‘l oldik...
Tan olish kerak, bugungi Zomin mutlaqo yangi qiyofa kasb etgan. Shahar ichidagi yo‘llar ravon, shahardagi imoratlar zamonaviy qiyofada jilolanib turibdi.
Xatda ko‘rsatib o‘tilgan tepalik shundoqqina tuman markaziy bozorining yonginasida— shahar markazida qad ko‘targan. Bir vaqtlar butun Osiyoda kuch-qudrati, iqtisodiyoti, salohiyati bilan mashhur bo‘lgan ko‘hna Ustrushona davlatining eng ko‘zga ko‘ringan viloyatlaridan sanalgan Zomin tarixda «Sarsanda», «Susanda», «Sabza» nomlari bilan atalganini hamma ham bilmasa kerak.
Qadimgi Zomin borasida tadqiqot o‘tkazgan arxeolog olimlarga ko‘ra, «Qo‘rg‘ontepa» nomi bilan mashhur bu yodgorlik eramizdan avvalgi II, eramizning VI–VII va XII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan ko‘hna Zomin shahri o‘rdasi qoldig‘i hisoblanadi. Uning geografik joylashuvlari, moddiy-madaniyati Ustrushonaning ilk o‘rta asrlari qishloq makonlari qurilishi uchun xarakterlidir.
Sovet tuzumi davrida ushbu qo‘rg‘on konservatsiya qilingan. Imoratlar va qal'alar quyosh nuri va yog‘ingarchiliklar ostida yemirilmasligi uchun tuproq bilan ko‘mib qo‘yilgan — yaxshi davrlar kelgunga qadar, albatta. Ya'ni, mash'um sovet davrida bir harakat bilan bu qadamiy qo‘rg‘on qoldiqlari buldozer bilan surib tashlansa ham bo‘lar edi. Lekin nimalarnidir o‘ylab unday qilinmagan.
Qal'a ko‘milgach, tepalik ustiga ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan zominliklar xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgan. Bu joyda yodgorlik qurilmasdan avval ham bir tomoni ko‘hna qabristonga tutash joyda kattagina — 1,5 ga hududni o‘z ichiga olgan «Qo‘rg‘ontepa» 120x130 metr maydonda, balandligi 8–10 metrga teng ikki o‘ramli devorlar bilan o‘ralgan tarixiy qal'a joylashgan edi. Bunga 1866 yilda suratga olingan tarixiy fotosurat dalildir.
Tuman hokimligida bo‘lganimizda tuman markazini obodonlashtirish masalasidagi qizg‘in yig‘ilish ustidan chiqdik. Tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, xalq deputati Erkin Xolmatov, tuman arxitektura va qurilish bo‘limi va boshqa tashkilotlari mutasaddilari bilan mashvarat avjida edi.
Biz kelganimizdan muddao neligini aytdik va tuman hokimining bu boradagi tushuntirishlari bilan qiziqdik. Biroq, u kameraga qarata gapirishni istamadi. Tuman hokimi va deputatning aytishicha, loyiha respublika yuqori doiralarida tasdiqlangan, qo‘rg‘on buzilib, o‘rnida qurilish ishlari amalga oshiriladi. Ularning iddaosiga ko‘ra, tepalik ostida qo‘lga ilingulik hech narsa yo‘q.

















