Mashinaga o‘zi istagan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqamini (keyingi o‘rinlarda – raqam) olish uchun fuqarolar maxsus onlayn-auksionda rekord darajadagi summalarni sarflashmoqda. Bunday investitsiyalar huquqiy nuqtai nazardan xavfsiz yoki yo‘qligiga Norma.uz aniqlik kiritishga harakat qildi.
Eslatib o‘tamiz, raqamlar turiga qarab 3 usulda beriladi:
• «sodda» («oddiy») raqamlar – qat'iy tartib bo‘yicha (raqamlarning o‘sib borish tartibiga muvofiq);
• maxsus ro‘yxatga kiritilgan «chiroyli» raqamlar – maxsus onlayn-auksion orqali (boshlang‘ich narxi EKIHning 35 dan 130 baravarigacha);
• «o‘zingga tuzib ol» turidagi raqamlar (ya'ni «chiroyli» raqamlar ro‘yxatiga kiritilmagan harf va raqamlarning istalgan kombinatsiyasi bilan) – DYHXXning hududiy bo‘linmalariga ariza bo‘yicha oshirilgan stavka bo‘yicha to‘lov bilan (EKIHning 150 baravari).
Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 27-bandida har qanday raqam avtotransport vositasi egasining mulki hisoblanmasdan, ulardan qat'iyan maqsadli foydalanilishi uchun unga taqdim etiladi, deb aniq va tushunarli yozib qo‘yilganini inobatga oling. Ya'ni, katta pul sarflab ham hech kim raqamni o‘z mol-mulkidek erkin tasarruf qilishga haqli emas.
Biroq davlat raqam saqlanishining qator kafolatlarni taqdim etgan.

Mashina sotilganda (hadya qilinganda, almashtirilganda)
Agar avtomobil sotilgan bo‘lsa, uning oldingi va yangi egasi «chiroyli» raqam yoki «o‘zingga tuzib ol» turidagi raqam qay birlarida qolishini hal etib olishlari kerak bo‘ladi. «Sodda» raqamlar mashina bilan birga yangi egasiga o‘tadi yoki yo‘q qilinadi.
«Chiroyli» yoki «o‘zingga tuzib ol» raqamining oldingi egasi ustuvorlikka ega, ya'ni DYHXXga mazkur raqamni o‘zida saqlab qolish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etishi mumkin. Raqamning oldingi egasi uni boshqa avtoga o‘rnatguniga qadar DYHXX uni o‘zida bepul saqlaydi. Ammo raqam 12 oy ichida talab qilib olinmagan taqdirda oldingi egasining huquqlari bekor qilinadi.
Raqam avtoning oldingi egasi uchun saqlanmagan taqdirda uning yangi egasi raqamni olishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun ham ariza topshirish talab etiladi.










